O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

150 dona “tropikamid”ning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi

Kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi bojxona organlari tomonidan tizimli ravishda kurash olib borilmoqda.

Xususan, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idora vakillari bilan hamkorlikda yurtimiz hududiga noqonuniy ravishda olib kirilayotgan kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish bo‘yicha qator tezkor tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmatining xabar berishicha, o‘tkazilgan navbatdagi tezkor  tadbir davomida fuqaro I.Sh. va unga tegishli bo‘lgan ashyolar o‘rnatilgan tartibda ko‘zdan kechirilganida, uning qo‘lidagi qora rangli polietilen paket ichida 150 dona “Tropikamid 10 ml” nomli dori vositalari borligi aniqlandi.

Maʼlumki, 2019 yil 27 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga solish to‘g‘risida”gi 818-son qarori qabul qilingan edi. Mazkur qaror bilan kuchli taʼsir qiluvchi moddalar ro‘yxati tasdiqlandi. Ushbu ro‘yxatda “Tropikamid” nomli dori vositasi ham kiritilgan bo‘lib, chakana realizatsiya (sotish) faqat giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni saqlash va sotish faoliyati uchun litsenziyaga ega bo‘lgan dorixonalar va ijtimoiy dorixonalar orqali amalga oshirilishi belgilandi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech