O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida 2022 yilning yanvar oyidan boshlab tibbiy buyumlar va texnikalar ishlab chiqariladi

Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanidagi “Moddiy-texnika taʼminoti bazasi” kichik sanoat zonasida Janubiy Koreya ishbilarmonlari bilan hamkorlikda tashkillangan korxonada tibbiyot buyumlari va texnikalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Tadbirkor Nurmatjon Komilovning maʼlum qilishicha, 2022 yilning yanvar oyida ish boshlashi kutilayotgan yangi loyiha uchun o‘z mablag‘lari hisobidan 13 mlrd. so‘m, shuningdek, xorijiy hamkorlarning 3,2 mln. AQSH dollari qiymatidagi investitsiya mablag‘lari jalb qilinmoqda.

Loyiha 3 bosqichda amalga oshiriladi. Dastlab tibbiyot buyumlari va texnik jihozlarini ishlab chiqarish o‘zlashtirilsa, 2023 yilning ikkinchi choragidan sutni qayta ishlash va konditer mahsulotlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

- Loyihamizning 3-bosqichi 2024 yilning mart oyiga mo‘ljallangan, - dedi tadbirkor tuman hokimi Alibek Tursunov bilan uchrashuvda. – Korxonamiz to‘liq quvvat bilan ish boshlagach, ishchilarimiz soni 245 nafarga yetadi. Biznes loyihani tayyorlashda ishlab chiqarishni mo‘ljallagan mahsulotlarimizga xorijdagi va ichki bozordagi talabni sinchiklab o‘rgandik. Aniq hisob-kitob va tahlillar asosida xorijiy investorlarni loyihaga jalb qildik. Korxonamizda yiliga 12,5 mlrd. so‘mlik va 3,5 mln. AQSH dollari qiymatida mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Nasib qilsa, tumanimiz iqtisodiyotini yana-da ko‘tarishga, eksport salohiyatini oshirishga munosib hissa qo‘shamiz.

Qayd etish lozim, mazkur sanoat zonasida biznes yuritish uchun qulay investitsiyaviy muhit yaratilishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Chunonchi, ayni kunlarda hududga 3 ming 500 pogonometr masofadan tabiiy gaz tarmog‘i tortilmoqda.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech