O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

“COVID-19”: yurtimizga keltirilgan Rossiya va Xitoy vaksinalaridan foydalanish jarayoni qanday tashkillashtirilmoqda?

Hozirda O‘zbekistonga qaysi vaksinalar keltirilgan? Ulardan foydalanish jarayonlari qanday ketmoqda? Ularning yaroqliligi, xavfsizligi va sifati yuzasidan laborator tekshirishlarning borishi haqida Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari – Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev SSV Matbuot xizmatiga maʼlumot berdi:

— Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Rossiya Federatsiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi bilan “Sputnik V” vaksinasi bo‘yicha muntazam muloqotlar amalga oshirmoqda.

Mazkur jamg‘armaning masʼul xodimlari ushbu masalada O‘zbekistonga tashrif buyurib, 100 doza vaksinasini olib kelishdi. Ushbu vaksina -20 ℃ haroratda saqlanishni talab etadi. Vaksina 3 ml flakonda 5 dozadan qadoqlangan bo‘lib, bir nafar fuqaroga 0,5 ml miqdorida emlash tavsiya etilgan.

Bugungi kunda ushbu vaksinaning Rossiya Federatsiyasida 12 ming nafar ko‘ngillida o‘tkazilgan 3-klinik sinov bosqichlari natijalari bo‘yicha maʼlumotlar mahalliy mutaxassislar tomonidan o‘rganilmoqda. Shuningdek, 25 ming nafar ko‘ngillida o‘tkazilgan sinovlar natijalari to‘g‘risida maʼlumotlar Rossiya Federatsiyasi tomonidan taqdim etilishi kutilmoqda.

“Sputnik V” vaksinasini yurtimizga olib kelinishi, ro‘yxatdan o‘tkazilishi, emlash jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish, tibbiyot xodimlarni o‘qitish, vaksinatsiyani boshlash tadbirlarini o‘z ichiga qamrab olgan yo‘l xaritasi ishlab chiqilgan bo‘lib, ularni hamkorlikda amalga oshirilishini inobatga olgan holda imzolash uchun Rossiya Federatsiyasiga yuborilgan.

Hozirda ushbu vaksinaning yaroqliligi, xavfsizligi va sifati yuzasidan laborator tekshirishlarini o‘tkazish maqsadida Rossiya Federatsiyasining ishlab chiqaruvchilaridan maxsus tekshiruv testlari va reagentlar so‘ralgan. Ushbu reagentlar va testlar kelgandan so‘ng, qisqa muddat ichida tekshiruvlar o‘tkazilib, vaksina yaroqliligi va xavfsizligi to‘g‘risida xujjat taqdim etiladi va uni respublikamizda ishlatish mumkinligi to‘g‘risida hulosa qilinadi.

Bir vaqtning o‘zida “Sputnik V” vaksinasini tezkor sertifikatsiyalash masalasi ustida ishlanmoqda va O‘zbekistonda vaksina ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha ham muzokaralar olib borilmoqda.

Shuningdek, Bahodir Yusupaliyev yurtimizda sinov jarayonida bo‘lgan Xitoy vaksinasi bo‘yicha ham to‘xtalib o‘tdi:

— Xitoyning "Ayhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan yangi koronavirus rekombinant vaksinasini xavfsizligi va “COVID-19” infeksiyasini oldini olishdagi samaradorligini aniqlash maqsadida 5000 nafar ko‘ngillilar orasida 3-bosqich klinik tadqiqotlari o‘tkazilmoqda.

Yurtimizga 8 nafar xitoylik mutaxassis tashrif buyurishgan va ayni paytda 3133 nafar ko‘ngillida vaksinatsiyaning klinik sinovlari amalga oshirilgan, nojo‘ya taʼsirlar kuzatilmagan.

Vazir o‘rinbosarining maʼlum qilishicha, jarayonlar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati qoshida immunizatsiya tadbirlari olib borish maqsadida yuqori malakali mutaxassislardani iborat shtab faoliyat ko‘rsatmoqda:

— Respublikamizda koronavirus infeksiyasi bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligining barcha tizimlari o‘rtasidagi hamkorlikni oshirish, o‘zaro tajriba almashish, aholi orasida kasallikni o‘z vaqtida aniqlash, davolash va tarqalishining oldini olish bo‘yicha tadbirlar davom ettirilmoqda, — deydi Bahodir Yusupaliyev.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech