O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Dorixonadan dori xarid qilganimda dorixona xodimi qaytim o‘rniga sitramon dori vositasini berdi. Aytingchi bu to‘g‘rimi?

Baʼzida savdo xodimlari tomonidan xaridorga qaytim o‘rnida saqich, bir damlamali choy, gigiyenik salfetka, qurt, konfet va gugurt kabi mahsulotlarni, dorixonalarda esa sitramon va boshqa dori-darmonlarni berish holatlari uchrab turadi. Bu savdo qoidalariga zid hisoblanadi.

Qonun bo‘yicha bu – xaridorni majburlab qo‘shimcha mahsulot sotish deyiladi.

Tadbirkorlar savdo do‘konlari, supermarketlar, umumiy ovqatlanish korxonalari, dorixonalar, transport va maishiy xizmat ko‘rsatish korxonalarida xaridorlarga qaytim uchun 50, 100, 200, 500 so‘mlik tanga pullarni to‘liq taʼminlab qo‘yishlari shart.

Sababi sotuvchi (ijrochi) isteʼmolchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.

O‘zbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 21-moddasida shartnomaning isteʼmolchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan shartlari haqiqiy emasligi belgilab berilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 13 fevraldagi “Chakana savdo qoidalari to‘g‘risidagi” qaroriga ko‘ra, mahsulotlar savdosi bilan shug‘ullanish yoki xizmat ko‘rsatishda boshqa mahsulotlarni sotish belgilangan qoidalarga zid hisoblanadi. Tadbirkorlar mazkur qoidalarga to‘liq amal qilishlari shart.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech