O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha 2020 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2021 yilga belgilangan ustuvor vazifalar to‘g‘risida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining hisoboti

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi 2020 yil faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va farmoyishlari hamda yuqori darajadagi va hududlarga tashriflari yakunlari bo‘yicha imzolangan “Yo‘l xarita”lari va majlis bayonlari ijrosini taʼminlashga qaratdi.

2020 yilda 220 ta mahalliy farmatsevtika korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarining qiymati 2,47 trln. so‘mni tashkil etdi va 2019 yilga nisbatan 9.3 foizga ortdi.

Mahalliy 674 nomdagi dori vositalari, 61 nomdagi tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar va 41 ta dori moddalari (substansiyalar) davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Jami 50,0 mln. AQSH dollarilik 246 turdagi dori vositalari va tibbiy buyumlar eksport qilindi, bu rejaga nisbatan 142 foizga, 2019 yilga nisbatan esa 172.4 foizga oshdi (2019 yilda - 29,2 mln. dollar).

2020 yil yakuniga ko‘ra, respublika bo‘yicha sohada umumiy qiymati 142,6 mln. AQSH dollarilik (shundan 38,2 mln AQSH dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar) 29 ta loyiha ishga tushirildi, 1,610 ish o‘rni yaratildi. Jumladan, Investitsiya dasturi doirasida qiymati 66,1 mln. AQSH dollarilik 13 ta loyiha ishga tushirildi va 810 ta ish o‘rinlari yaratildi.

Xitoy, Rossiya, AQSH, Belorussiya, Misr, Germaniya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya, Hindiston, Yaponiya davlatlari bilan o‘rnatilgan hamkorlik doirasida umumiy qiymati 445,6 mln. AQSH dollarilik 49 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Farmatsevtika sohasiga halqaro standartlarni joriy etish maqsadida sohada faoliyat yuritayotgan 1,200 nafar mutaxassislar “Yaxshi amaliyotlar” (GCP, GDP, GLP, GMP) standartlari va farmakologik nazoratni o‘zlashtirish bo‘yicha o‘z malakasini oshirdilar.

Farmatsevtika mahsulotlarining sifati va ular sifatini nazorat qilish usullariga qo‘yiladigan zamonaviy xalqaro talablarni hisobga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasining I jildi ishlab chiqildi va chop etildi.

Dori vositalariga referent narx shakllantirish tizimi joriy qilindi va Buyuk Britaniyaning Sanderlend universiteti va agentlik o‘rtasida “Mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish to‘g‘risidagi doiraviy kelishuv” imzolandi.

2020 yil - koronavirus pandemiyasi davrida talab yuqori bo‘lgan mahalliy xom ashyo asosida 72 ta yangi nomdagi farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarildi. Xususan, favipiravir, enoksaparin, remdesivir kabi dori vositalarini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Bugungi kun uchun muhim bo‘lgan yangi dorilarni o‘zlashtirish borasida ishlar olib borilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 22 iyuldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar muomalasini tartibga solishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 449-sonli qaroriga muvofiq, 76 mln. o‘ram dori vositalari ruyxatdan o‘tkazilmasdan, muvofiqlik sertifikatlari berildi.

Muhtaram Prezidentimizning 2020 yil 29 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qilgan Murojaatnomalarida farmatsevtika tarmog‘ini iqtisodiyotimizning “drayver” tarmoqlaridan biriga aylantirishimiz kerakligi haqida aytib o‘tdilar. Shundan kelib chiqib, Agentlik tomonidan 2021 yilda quyidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi:

1. 2021-2024 yillarda umumiy qiymati 503,7 mln. AQSH dollarilik shundan 279 mln. AQSH dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar bo‘lgan loyihalar amalga oshiriladi. Jumladan, Investitsiya dasturiga asosan, 2020 yilda 14 ta loyiha ishga tushishi belgilanib, 96,9 mln. AQSH dollari miqdoridagi investitsiyalarni, shu jumladan 21,3 mln. AQSH dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar hamda 10,0 mln. AQSH dollari miqdoridagi davlat kafolati ostidagi xorijiy kreditlar o‘zlashtirilib, 655 ta yangi ish o‘rinlari yaratish.

2. Farmatsevtika korxonalari tomonidan 50 mln. AQSH dollari qiymatiga teng mahsulot eksport qilish.

3. Mahalliy dori shakllarini ishlab chiqarish hajmlarining pul mablag‘lari ko‘rinishidagi ifodasini 35 foizga, mahsulot ko‘rinishdagi ifodasini esa 55 foizga yetkazish.

4. «Tashkent Pharma Park» innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri negizida Innovatsion ishlanmalarni tatbiq etish markazini tashkil etish hamda investorlarni jalb qilish maqsadida “roud-shou”lar hamda biznes forumlar o‘tkazish, Respublika ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan vaksinalar ishlab chiqarish infrastrukturasini yaratish.

5. 2021–2024 yillarda mamlakatning biologik xavfsizligi tizimini takomillashtirishToshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini qaytadan tashkil etish, malakali mutaxassis kadrlar jamoasini shakllantirish, kreditlarni jalb qilgan holda investitsion loyihalarni amalga oshirish.

6. Tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish va “komplayens nazorat”ni joriy etish, hujjatlar tayyorlash va qarorlar qabul qilish jarayonlarini raqamlashtirish.

Shuningdek, 2021 yil «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» munosabati bilan, sohada yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratish, ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, yetuk mutaxassis kadr bo‘lishlari uchun sharoitlar yaratish;

Aholi salomatligini mustahkamlash, kasalliklarni oldini olish hamda profilaktika uchun dorivor o‘simliklar asosida dori vositalari ishlab chiqarish;

Bugun talab yuqori bo‘lgan aholi immunitetini oshirishga xizmat qiluvchi vitaminlar ishlab chiqarish asosiy vazifalardan biri sifatida belgilab olindi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech