O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Ijtimoiy tarmoqda bildirilgan fikrlar yuzasidan RADDIYA

Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi “XALQ VA DAVLAT / NAROD I GOSUDARSTVO” guruhida, fuqaro Mustafokul Boltaboyev tomonidan (Matn tahrirsiz berilmoqda) “Shunchalik darajaga yettikmi? Endi bir kami sotib olgan dorini kanaka dori ekanligini bilish uchun xitoy tilini urganishimiz kerakmi? Shaxarda bemalol kurkmay sotib yetishibdi. Kaysi bir ok suyak amaldor uziga shu dorini ravo kuradi?” mazmunidagi post (foto ilovasi bilan) joylashtirilgan.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ushbu post yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi.

Koronavirus infeksiyasi keng tarqalishiga qarshi kurashishda mamlakatda dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar takchilligining oldini olish, shuningdek fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish hamda koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilishini taʼminlash maqsadida,  Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 22 iyuldagi 449-son qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazmasdan, majburiy sertifikatlash sharti bilan import qilinadigan COVID-19 infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashda qo‘llaniladigan dori vositalari va biologik faol moddalar ro‘yxati tasdiqlangan.

Mazkur Qarorga asosan, dori vositalarini ayrim kimyoviy tahlillarni o‘tkazgan holda sertifikatlashtirish uchun dori vositasining qadog‘ida yoki qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnomalarida xalqaro patentlanmagan nomi o‘zbek yoki rus yoxud ingliz tilida ko‘rsatilishini taʼminlagan holda ishlab chiqaruvchi korxonaning hujjatini taqdim etishlari shartligi belgilab qo‘yilgan.

Yuqoridagi holat bo‘yicha to‘xtaladigan bo‘lsak, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 6 apreldagi 185-son Qarori bilan tasdiqlangan, "Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risida"gi nizomga ko‘ra, sotib oluvchining talabiga binoan dorixona xodimi dori vositalari va tibbiy buyumlarning narxlari va ularning sertifikatlashtirish organi tomonidan rasmiylashtirilgan muvofiqlik sertifikatini ko‘rsatishi lozim. (Bunda muvofiqlik sertifikatidagi dori vositasining savdo nomi, seriyasi, dozasi, chiqarilgan shakli, ishlab chiqarilgan sanasi, ishlab chiqargan mamlakat haqidagi maʼlumotlar dori vositasining ayni shu o‘ramidagi maʼlumotlarga mos kelishi kerak)

Shuningdek, dorixona xodimi dori vositasini sotib olayotgan isteʼmolchiga dori vositasi bilan birga, uning berish sanasi va narxi ko‘rsatilgan tovar chekini berishi belgilab qo‘yilgan. Mazkur postdagi rasmda dori vositasi ekanligi aytilayotgan mahsulot esa muallif tomonidan aynan qaysi dorixonadan va qaysi kuni xarid qilingani maʼlum qilinmagan.

Mustafokul Boltaboyev ushbu “dori vositasini shaharda bemalol qo‘rqmay sotib yotishganini” yozib qoldirgan. Lekin qaysi shahar, qaysi viloyat hududidagi dorixonada sotilayotganligini maʼlum qilmagan. Vaholanki, u o‘z postida dori vositasi ekanligi aytilayotgan ushbu mahsulotni sotib olganligini taʼkidlagan.

Post muallifidan dori vositasi ekanligi aytilayotgan rasmdagi mahsulotning seriya raqamlarini aniqlashtirish va uni tegishli tartibda Davlat ro‘yxatidan hamda sertifikatlashtirish jarayonidan o‘tganligini tekshirish uchun Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazining quyidagi telefon raqamiga 71-242-48-93 murojaat qilishini so‘raymiz.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 4 yanvarda tasdiqlangan "Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida"gi (yangi tahrirdagi) Qonunining 20-moddasiga asosan, sifatsiz, qalbakilashtirilgan, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalarini xarid qilish, chakana realizatsiya qilish hamda ulardan foydalanish taqiqlanadi.

Maʼlumot o‘rnida, dori vositasining:

➖ nomi, seriyasi, chiqarilgan shakli;

➖ ishlab chiqarilgan sanasi;

➖ ishlab chiqargan mamlakat;

➖ davlat ro‘yxatidan o‘tgan raqami;

➖ muvofiqlik sertifikat berilgan sana va boshqa maʼlumotlarni Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi rasmiy veb saytidan olishingiz mumkin.

Hurmatli yurtdoshlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 maydagi PF-5446-son Farmoniga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalari va tibbiyot buyumlari aylanmasi bilan bog‘liq noqonuniy harakatlarga qarshi kurashish vazifasi yuklatilgan. Agarda Siz, dori vositalari yoki tibbiy buyumlarning noqonuniy oldi-sotdisiga duch kelsangiz, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentinig 71-233-1007 ishonch telefoniga murojaat qilishingizni tavsiya qilamiz.

Shu o‘rinda taʼkidlash joizki, shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet tarmog‘ida tarqatganlik uchun javobgarlik belgilangligini bildiramiz.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech