O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Ijtimoiy tarmoqlarda kapsula ichidan mix chiqqanligi aytilayotgan dori vositasi haqidagi video yuzasidan rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda oshqozon faoliyati buzilganda qabul qilinadigan “Enterofuril” dori vositasi kapsulasidan mix chiqqanligi tasvirga olingan video tarqaldi. Aslida videoda aytilayotgan voqea bizda emas balki Qozog‘istonda tasvirga olingan va haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.

Qozog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirli Tibbiyot va farmatsevtika nazorati qo‘mitasining xabar berishicha, Qo‘mitaga isteʼmolchilar, mazkur dori vositasini ro‘yxatdan o‘tkazgan kompaniya, shuningdek farmatsevtika faoliyati subyektlari va tibbiyot xodimlaridan “Enterofuril®” dori vositasi kapsulasida biror yot narsalar mavjudligi to‘g‘risida maʼlumot (yoki shikoyat) kelib tushmagan.

Bosniya va Gersegovinaning “Bosnalek” AJ tomonidan ishlab chiqarilgan kapsula shaklidagi “Enterofuril ®” dori vositasi Qozog‘iston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan va tibbiy maqsadlarda foydalanish uchun ruxsat etilgan (ro‘yxat raqami RK-PS-5N022825 - 03.02.2017 y., RKLS-5N9022904 - 10.04. 2017 y).

Shu o‘rinda, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati sohaga oid savollar bo‘yicha doimo muloqotga tayyor ekanligini maʼlum qilib, yuqoridagi videoni tarqatayotgan telegram kanallari maʼmurlariga:

➖ Ijtimoiy tarmoqlar orqali ishlab chiqaruvchi yoki raqobatchini obro‘sizlantirish yoxud iqtisodiy zarba berish maqsadida asoslanmagan, yolg‘on ovozli, foto va videoxabarlarni tarqatgatlik uchun Jinoyat kodeksining 192-moddasida javobgarlik belgilanganligini;

➖ jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan, OAV, telekommunikatsiya tarmoqlari yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatganlik uchun Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202²-moddasida javobgarlik belgilanganligini;

➖ “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunning 12¹-moddasi 2-qismiga muvofiq, veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtiriladigan Internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborotni joylashtirishdan avval uning to‘g‘riligini tekshirishi, shuningdek, joylashtirilgan axborotning noto‘g‘riligi aniqlangan taqdirda uni darhol o‘chirib tashlashi shartligini eslatib o‘tadi.

Hurmatli yurtdoshlar!

Farmatsevtika sohasiga oid Sizni qiziqtirgan savollar, taklif va mulohazalar bo‘lsa, shaxsingiz haqidagi maʼlumotlarni ilova qilgan holda telegramdagi quyidagi @uzpharmagency_bot manzilimiz orqali murojaat etishingiz mumkin.

Albatta, har bir murojaatga eʼtibor qaratilishi, tegishli mutaxassislar tomonidan javoblar berilishi taʼminlanadi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech