O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Namanganda “Trimol”ning ko‘rinishidan foydalanib “Turmol” dorisini ishlab chiqarayotgan tadbirkorga chora ko‘rildi

Namangan viloyatida bo‘lgan “Trimol” dori vositasining umumiy ko‘rinishi va nomidan foydalanib “Turmol” tabletkalarini ishlab chiqarayotgan tadbirkorga chora ko‘rildi. Bu haqda Intellektual mulk agentligi matbuot kotibi xabar qildi.

Xabarga ko‘ra, “Trimol” dori vositasini ishlab chiqarayotgan Hindistonning «Ajanta pharma limited» kompaniyasining mamlakatdagi vakolatxonasi o‘zlarining tovar belgisi bilan o‘xshash hamda isteʼmolchini chalg‘ishiga sabab bo‘luvchi tovar belgisidan foydalanib qonunga xilof ravishda ishlab chiqarayotgan «Merrymed farm» MCHJga huquqiy chora ko‘rish uchun agentlikka murojaat qilgan.

Agentlik esa murojaatga asosan holat bo‘yicha ishni o‘rganib, Maʼmuriy sudga bayonnoma kiritgan. Natijada «Merrymed farm» MCHJga baʼzaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida yaʼni 669 000 so‘m jarima jazosi tayinlangan.

«Tadbirkor belgilangan jarima summasini to‘lab yana ishini davom ettirishi mumkin yoki tovar belgisidan foydalanib allaqachon o‘z foydasini qilib olganku degan har xil eʼtirozlar bo‘lishi mumkin. Bu borada “Trimol” dori vositasini ishlab chiqargan kompaniya ikkinchi tarafni yetkazilgan moddiy zararni undirish bo‘yicha sudga bersa va buning natijasida yirik miqdorda jarima undirilsa, o‘shandagina bu kabi holatlar takrorlanishining oldini olish mumkin.

Aslida qaroqchi tadbirkorlik faoliyatining oldini olish va bunga chek qo‘yish uchun BHM 3 baravari miqdorida jarima jazosi bu yechim emas. Bu borada aholining huquqiy ongini oshirish hamda o‘zganing tovar belgisidan noqonuniy foydalangan tadbirkorlarga nisbatan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadga muvofiq. Sababi Intellektual mulk agentligiga o‘z huquqlari buzilayotgan tadbirkorlar murojaat qilishmasa, Agentlik bu borada hech qanday chora ko‘ra olmaydi. Chunki tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish agentlik vakolatiga kirmaydi.

Shu o‘rinda eslatib o‘tish kerakki, agar siz o‘zingizga tegishli bo‘lgan tovar belgisidan boshqalar foydalanayotganiga duch kelsangiz va bundan aztiyat chekayotgan bo‘lsangiz Intellektual mulk agentligining 71 2325054 telefon raqami yoki telegram messenjeridagi @ima_monitoring_bot orqali murojaat qilishingiz mumkin» deyiladi xabarda.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech