O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

O‘zbekistonda xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarni o‘tkazishga ruxsat berildi

O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining qaroriga asosan, joriy yilning 20 fevralidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda, sanitariya-epidemiologiya meʼyorlari va qoidalari talablariga qatʼiy muvofiq ravishda O‘zbekiston Respublikasi hududida xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalar o‘tkazishga ruxsat etildi.

Xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarni tashkil etish doirasida quyidagi talablar belgilangan:

- tashkilotchi Respublika hududida sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini shartnoma asosida jalb qilgan holda tashkil etilayotgan tadbirlarning barcha bosqichlarida epidemiologik tartiblarga rioya etilishi ustidan nazoratni taʼminlashi shart;

- barcha tadbir ishtirokchilaridan himoya niqobi yoki respirator taqishlari talab qilinadi;

- tadbirga kirishda barcha ishtirokchilar pirometrlar yordamida haroratni o‘lchash jarayonidan o‘tishi talab etiladi, yuqori harorat yoki yuqumli kasalliklar belgilari bo‘lgan shaxslarga tadbirda qatnashishga ruxsat berilmaydi;

- ekspozitsiyalar orasidagi masofa kengligi kamida 3 metr bo‘lishi kerak;

- tadbir o‘tkazish joylarida shamollatish tizimlari kirayotgan havoning chiqayotganidan ustunligini taʼminlashi kerak.

Maʼlumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yilning 23 martdagi "Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Qaroriga muvofiq Respublikada barcha turdagi ommaviy tadbirlar to‘xtatilgan edi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech