O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Poytaxtimizda Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish forumi bo‘lib o‘tdi

Xabaringiz bor, joriy yilning 25-26 fevral kunlari Innovatsion rivojlanish vazirligida Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish forumi o‘tkazilishi haqida maʼlumot bergan edik.

2020 yil 3 dekabr kuni ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengesi, viloyat va Toshkent shahar hokimliklarining oliy taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlar bilan hamkorligini rivojlantirish maqsadida Forum o‘tkazish topshirig‘i berilgan edi.

Mazkur vazifa ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning 25-26 fevral kunlari Innovatsion rivojlanish vazirligida Forumning birinchi bosqichi o‘tkazildi va unda amaliyotga tatbiq etishga qaratilgan ilmiy-innovatsion loyihalar namoyish etildi. Eslatib o‘tamiz, ushbu forumda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tarkibidagi O‘zbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari ham ishtirok etishdi.

Forumning ikkinchi kunida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan 51 ta loyiha taqdimoti o‘tkazildi va loyiha mualliflariga moliyalashtirish sertifikatlari topshirildi. Jumladan, O‘zbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot institutining “Ekustim” diuretik dori vositalarini ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasiga ham moliyalashtirish sertifikati taqdim qilindi.

Shuningdek, forum natijalariga ko‘ra tarmoq korxonalari, oliy taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlar o‘rtasida tijoratlashtirish bo‘yicha uch tomonlama shartnomalar tuzildi.

Forumda tarmoq korxonalari va hudud extiyojlaridan kelib chiqqan mavzularda istiqbolli loyihalar ro‘yxati shakllantirilib, ularni ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida moliyalashtirish choralari bo‘yicha kelgusidagi rejalar belgilandi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech