O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Qozog‘istonda fuqarolarning ko‘chada tibbiy niqob taqib yurishi majburiy qilib qo‘yildi

Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakat fuqarolaridan ko‘chada majburiy tartibda tibbiy niqob taqishni so‘radi, ushbu talabga rioya etmaganlar jarimaga tortiladi. Bu haqda sog‘liqni saqlash vaziri Aleksey Soyning bayonotiga tayanib «RIA Novosti» xabar berdi.

Qozog‘istonda 30 iyul kuni bir sutka davomida 1 472 ta yangi kasallanish holati qayd etilgan, kasallanganlarning umumiy soni 87 664 nafarga yetgan. Sog‘aygan bemorlar soni 57,8 ming nafardan ziyodroqni tashkil qiladi. Mamlakatda 793 nafar bemor koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etgan.

«2020 yil 30 iyuldan boshlab Sog‘liqni saqlash vazirligining buyrug‘i asosida fuqarolarning ko‘chada va jamoat joylarida tibbiy niqob taqishga majbur deb belgilandi. Biz xalqaro tajribani o‘rganib chiqdik, nafaqat Qozog‘istonda, balki boshqa xorij mamlakatlarida ham barcha yerlarda: yopiq inshootlarda ham, transportda ham, shuningdek, ochiq havoda ham tibbiy niqob taqish kasallikdan himoya qiladi», – deya taʼkidlagan Soy matbuot-anjumanida.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ushbu talabni bajarmagan fuqaro jarimaga tortiladi. Aleksey Soyning taʼkidlashicha, ushbu tartib mamlakatda kasallanishlar sonini kamaytirish maqsadida joriy qilingan.

2020 yil 29 iyul kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakatdagi epidemiologik vaziyatga oid muammoli masalalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgan va unda davlat komissiyasiga karantin cheklovlarini bosqichma-bosqich yumshatish orqali ikki haftaga uzaytirish bo‘yicha topshiriq berilgandi.

Undan avval Qozog‘istonda 3 avgustdan karantin cheklovlari yengillashtirilishi kutilayotgani to‘g‘risida xabar berilgan.

Qozog‘istonda 5 iyuldan boshlab ikki haftaga qatʼiy karantin rejimi joriy qilingan. 13 iyul kuni  Qozog‘istonda koronavirus qurbonlarini xotirlash kuni deb eʼlon qilingandi. Keyinroq Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakatda karantin cheklovlari iyul oyining oxirigacha uzaytirgan.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech