O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

“Rutan” preparatining bir qator klinik tadqiqotlari o‘tkazilib, immunitet shakllanishida yordam beruvchi dori vositasi sifatida tavsiya etildi

Kecha AOKAda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi matbuot kotibi Mohira Jumanova ishtirokida brifing o‘tkazildi.

Brifingda COVID-19 virusi tarqalishining oldini olish, davolash va tahlil uslublari, vositalarini ishlab chiqishda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot natijalari haqida maʼlumot berildi.

Brifingdan muhim maʼlumotlar:

Bioorganik kimyo instituti olimlari tomonidan 2015 yilda yaratilgan “Rutan” preparatining bir qator klinik tadqiqotlari o‘tkazilib, immunitet shakllanishida yordam beruvchi dori vositasi sifatida tavsiya etildi.

Xitoylik hamkorlar tomonidan “Rutan” preparatining qo‘shimcha va nojo‘ya taʼsirlari yo‘qligi, toksiklik darajasi nihoyatda past bo‘lgani uchun viruslarga qarshi qo‘llanilayotgan boshqa dori vositalariga nisbatan uning davolash samarasi yuqori bo‘lishi va ushbu dori vositasini profilaktika sifatida qo‘llash mumkin, degan xulosa keltirilgan.

Mazkur dori vositasini GMP talablariga javob beruvchi O‘zbekiston-Xitoy korxonasida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi va ushbu dori vositasidan 19 500 donasi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga beg‘araz yordam sifatida taqdim etildi.

Institutda o‘tkir respirator infeksion kasalliklarga qarshi ishlab chiqilgan 30 ta yangi biologik faol birikmalarni COVID-19 virusiga qarshi taʼsirini sinovdan o‘tkazish maqsadida Xitoyning Shanxay tibbiy materiya institutiga yetkazib berilgan va hozirda bu birikmalarni koronavirusga qarshi taʼsiri skrining qilinmoqda.

Qisqa muddatda O‘simlik moddalari kimyosi instituti olimlari tomonidan viruslarning RNKsini ajratib oluvchi to‘plam ishlab chiqilib, “Enkor” nomi bilan ro‘yxatdan o‘tkazildi va hozirda uni sanoat miqyosida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Shu bilan birga, Institutda test sistema ishlab chiqildi va hozirda laboratoriya sinovlari olib borilmoqda.

Koronavirus RNK sini ajratishga mo‘ljallab ishlab chiqilgan ushbu to‘plam dunyoda ishlab chiqariladigan analoglari bilan taqqoslanganda sezgirligi, ayniqsa, kam vaqt talab qilishi (1 soat), qulayligi va arzonligi (kamida 30% ga arzonroq) kabi ustunliklarga ega. Bundan tashqari, ushbu to‘plam yordamida ko‘pgina virusli kasalliklarni, jumladan, gepatit V, gepatit C, odam immun tanqisligi virusi (VICH) RNK/DNKsini ajratish mumkin.

O‘simlik moddalari kimyosi instituti tomonidan “Niklozamid” substatsiyasi ham ishlab chiqarilmoqda. Jahonda “Niklozamid”ning koronavirusga qarshi xususiyatlari aniqlangan va shu munosabat bilan u Fransiya va Singapur davlatlarida yaqin vaqtlarda klinik sinovlardan o‘tadi.

“Niklozamid” gelmintlarga qarshi preparat bo‘lib, ko‘pgina mamlakatlarda ishlab chiqariladi. Bu preparat “Fenasal” nomida O‘simlik moddalari kimyosi institutida ishlab chiqariladi. Hozirda Institut tomonidan “Fenasal”ning ingalyatsion shaklini ishlab chiqarish bo‘yicha dastlabki farmakologik ishlar olib borilmoqda.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech