O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Shifobaxsh o‘simliklar yetishtirish va qayta ishlashga ixtisoslashgan “Mehrigiyo” kichik korxonasi mahsulotlari horijga eksport qilinmoqda

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozarov Uchko‘prik tumanidagi shifobaxsh o‘simliklar yetishtirish va qayta ishlashga ixtisoslashgan “Mehrigiyo” kichik korxonasida bo‘lib, u yerdagi shifobaxsh o‘simliklarning xususiyatlari, afzalliklari, parvarish jarayonlari hamda ulardan tayyorlangan tabiiy mahsulotlar bilan tanishdi.

Ayni paytda korxonada dorivor o‘simliklarni yetishtirish va ularni qayta ishlash asosida 100 dan ziyod shifobaxsh choy, sharbat va asalli mahsulotlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Papaya, zaytun, rastaropsha, kivi, lavanda kabi turli o‘simliklarni mahalliylashtirish va ulardan farmatsevtika maxsulotlari ishlab chiqarish borasida olimlar bilan hamkorlikda ishlar olib borilyapti.

Ishlab chiqarilayotgan dori-darmonlar xorijga eksport qilinmoqda. Korxona mahsulotlari yurtimiz va xorijda o‘tkazilgan ko‘plab ko‘rgazmalarda namoyish etilgan va yuqori baholangan. Hududda tibbiyot turizmini rivojlantirish maqsadida izchil saʼy-harakatlar amalga oshirilayotgani ham korxonaning ertangi kun istiqbolidan dalolat beradi.

Qishloq xo‘jaligida hayotiy va ilmiy tajribalar o‘zaro muvofiqlashtirilib, yangi-yangi tashabbuslar ilgari surilyapti. Markaziy Amerikada yetishtiriluvchi ko‘p yillik issiqsevar o‘simlik batat, yaʼni shirin kartoshkadan endi Uchko‘prik tumanida ham mo‘l hosil olish bo‘yicha ilmiy-amaliy tajribalar olib borilmoqda.

Oziq-ovqat muammosini hal qilishda bunday izlanishlarimiz o‘z samarasini beradi, albatta, - deydi korxona ish yurituvchisi A. Abdurazzoqov.

Shuningdek, viloyat rahbari va tadbirkor o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muloqotda mahalliy hamda xorij bozorlarida qimmat narxda sotiladigan godji o‘simligini yetishtirishni ommalashtirish haqida ham maslahatlashildi.

Uchrashuvda viloyat hokimi Xayrullo Bozarov tadbirkorga doimo ko‘mak va yordam berib borilishini taʼkidladi.

Farg‘ona viloyati hokimligi

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech