O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Sog‘lom turmush tarziga amal qilgan fuqarolar rag‘batlantiriladi

Davlatimiz rahbari 13 oktyabrdagi Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida Oqoltin tumanidagi “Yangi Toshkent” mahallasida bo‘ldi. U yerdagi zamonaviy qiyofa kasb etgan oilaviy poliklinikaga kirib, xodimlar va aholi bilan suhbatida tibbiyot bilan sport hamohangligini kuchaytirib, odamlarni sog‘lom turmush tarziga odatlantirish, aholining umrini uzaytirish masalalari borasida takliflar berdi.

“Ko‘p yurish bilan to‘g‘ri ovqatlanish madaniyatini yo‘lga qo‘yib olsak, tibbiyotdagi 30-40 foiz masalani hal qilgan bo‘lamiz”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz Oqoltin tumani tajribasi asosida aholi orasida sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish taklifini ilgari surdi.

Ayni shu tashabbusni hayotga tatbiq etish maqsadida kuni kecha Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov Oqoltin tuman hokimligida qishloq oilaviy poliklinikalari va qishloq vrachlik punktlari shifokorlari, mahalla faollari va aholi vakillari bilan uchrashdi. Tadbirda aholini to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faoligini oshirish uchun qanday ishlarni amalga oshirish zarurligi, ushbu amallarning sog‘lom hayotga qaytarishdagi samarasi borasida so‘z bordi.

— Koronavirus infeksiyasi kishilarning sog‘lig‘i, hayotiga xavf solayotgan bir paytda hammani virusdan zararlanganda qanday qilib undan tez va oson qutulish mumkin, degan savol qiynamoqda, — dedi A.Shadmanov. — Muammoning yagona va eng samarali yechimi sog‘lom turmush tarziga amal qilishdir. Bu nafaqat virusdan himoyalanish, balki uzoq va baxtli hayot kechirishning ham eng asosiy qoidasi, talabi hisoblanadi. Kasallikning kuchli asoratlari va o‘lim holatlari asosan yurak qon-tomir kasalliklari, qandli diabet, o‘pkaning surunkali kasalliklari bo‘lgan yoki ortiqcha vaznga ega bo‘lgan, tamaki va alkogol mahsulotlarini isteʼmol qilgan, kamharakat insonlarda uchramoqda. Shuni unutmaligimiz kerakki, kasallikning yengil kechishi yoshga bog‘liq emas, katta yoshda bo‘lsa ham to‘g‘ri ovqatlanadigan, jismoniy faol bo‘lgan, semizligi va diabeti bo‘lmagan insonlarda kasallik ancha yengil kechadi.

Foto: SSV

Sog‘lom turmush tarzining asosi esa, jismoniy faollik va to‘g‘ri ovqatlanishdir. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, inson kuniga 5-7 kilometr yursa, qon tomir kasalliklari, yurak xuruji, insult kabi hastaliklardan butunlay yiroq bo‘ladi. Ortiqcha vazn esa, kasalliklar uyasidir.

Oqoltin tajribasi asosida aholimizni ko‘proq yurishga, to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga amal qilishlariga odatlantiramiz. Avvalo, ularning jismoniy holatini aniqlab olish uchun aholi vakillarining bo‘yi, vazni, bel aylanasi o‘lchanib, tibbiy varaqalarida qayd etiladi. Har bir mahallada aniq belgilangan bir vaqtda o‘zaro masofa saqlagan holda keksayu yoshlarni yurish marofoniga chorlanadi. Odamlar buning foydasini tushunib yetgachgina har kuni uzoq masofaga yurish, to‘g‘ri ovqatlanishni odatga aylantiradi.

Shuningdek, mahallalar o‘rtasida “Eng sog‘lom mahalla”, “Eng sog‘lom ko‘cha” tanlovlari o‘tkazilib, o‘z salomatligiga befarq bo‘lmagan fuqarolarga turli rag‘batlantirish mukofotlari taqdim etiladi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech