O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Tibbiy jihozlar ortilgan yuk samolyoti Turkiyadan Toshkentga yetib keldi

Turkiya va O‘zbekiston Hukumati o‘rtasida imzolangan tibbiy jihozlarni beg‘araz topshirish bitimi doirasida Covid-19 epidemiyasiga qarshi kurashda ishlatiladigan himoyalovchi tibbiyot materiallaridan iborat yordam Toshkentga yetib keldi.

50 000 dona N-95 niqob, 200 000 jarrohlik niqobi, 40 000 dona kombinezon, 5 000 dona yuzni to‘liq to‘suvchi niqob va Covid-19 ni davolashda qo‘llaniladigan dori vositalaridan iborat qariyb 12.5 tonna insonparvarlik yordami Qurbon hayitning ilk kuni tongga yaqin yetib keldi.

Yuklarni qabul qilib olgan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi masʼullari murakkab vaqtda doimo yordamlarini ayamagan turk xalqiga minnatdorlik bildirishdi. Qayd etish joiz, Turkiya O‘zbekistonga shu yil may oyida ham insonparvarlik yordami jo‘natgan edi. Unda 50 dona sunʼiy nafas oldirish jihozlari yuborilgandi.

Maʼlumot uchun, o‘tgan hafta O‘zbekistonga turkiyalik mutaxassislar guruhi koronavirusga qarshi kurashda maslahatchi sifatida kelgan edi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech