O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Zotiljam nima va undan qanday saqlanish mumkin?

Shamollash kasalliklaridan yetarli darajada davolanmaganda og‘ir respirator asoratlar rivojlanishi va o‘pkani surunkali kasalliklari, masalan, pnevmoniyani kuchaytirishi mumkin. Xo‘sh, pnevmoniya nima, undan qanday saqlanish lozim?

Kuz-qish oylari ko‘pchilik shamollash yoki grippdan aziyat chekadi. Buning ustiga koronavirus infeksiyasi xafvi har daqiqa ehtiyot bo‘lish, o‘zni asrashni taqozo etmoqda. Shamollash kasalliklaridan yetarli darajada davolanmaganda og‘ir respirator asoratlar rivojlanishi va o‘pkani surunkali kasalliklari, masalan, pnevmoniyani kuchaytirishi mumkin. Xo‘sh, pnevmoniya nima, undan qanday saqlanish lozim?  

Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy tekshirish instituti bosh ilmiy xodimi, professor Egamberdi ESHBOYEV shu xususda so‘z yuritdi:

Zotiljam (pnevmoniya) o‘pkaning o‘tkir yoki surunkali yallig‘lanishi kasalligi sirasiga kiradi. Nafas olish aʼzolari xastaliklari ichida tez-tez uchraydi, aksariyat hollarda o‘pka to‘qimalaridagi alveola, oraliq to‘qima, mayda kapilyar qon tomirlari yallig‘lanadi. U burun, tomoq, bronx kasalliklarining ikkilamchi asorati sifatida ham paydo bo‘lishi mumkin. Xastalik ko‘proq yosh bolalar va keksalarda uchraydi, ammo bu boshqa yoshdagilarda kuzatilmaydi, degani emas. Bemor o‘z vaqtida, to‘g‘ri va samarali davolansa, undan asorat qolmaydi. Agar har xil bahonalarni pesh qilib, davolanishdan qochsa yoki noto‘g‘ri davolansa, turli asoratlar yuzaga keladi. Hatto nimjon va immun tizimi past odamlar vafot etishi ham mumkin.

Zotiljam kasalligini keltirib chiqaradigan sabablar talay. Uning birinchisi bakteriya, yaʼni pnevmakokk (shuning uchun ham kasallik “pnevmoniya” deb ataladi), stafilakokk, strepkokk, enterakokk, fridlender tayoqchasi, ko‘k tayoqcha, ichak tayoqchasi va boshqa infeksiyalardir.

Viruslar, gripp, paragripp, koronavirus, rinosinsitial viruslar, adenovirus, mikoplazma, rikketsiya va zamburug‘lar ham zotiljam kasalligiga sabab bo‘lishi mumkin. O‘tkir zotiljam xastaligi turli boshqa yuqumli  (ornitoz, ko‘kyo‘tal, qizamiq, brutsellyoz, ich terlama kabi) kasalliklarning asorati tufayli ikkilamchi bo‘lib rivojlanishi ham kuzatiladi.

Biroq zotiljam kasalligiga 50-57 foiz holatlarda pnevmokokklar sabab bo‘ladi. O‘tkir resperator kasalliklar, gripp va koronavirus keltirib chiqaradigan zotiljam esa epidemiya, hatto pandemiya sifatida avj olishi mumkin. Bu vaziyatda aksariyat holatlarda unga mikrob qo‘shiladi va kasallik shu tariqa og‘irlashadi.

Shifokor agar kasallik chaqiradigan infeksiya manbaini  yaxshi va mukammal bilmas ekan, u faqat dori-darmonning quli bo‘lib qolaveradi. Kasallikni qo‘zg‘atuvchi pnevmakkoklarni 1871 yilda nemis mikrobiologi Robert Kox aniqlagan. Keyinchalik Lui Paster (1881 yil) bemor balg‘amidan uni  ajratib olishga muvaffaq bo‘lgan. Oradan besh yil o‘tib, (1886 yil) K.Frenkel pnevmakokk zotiljam kasalligining qo‘zg‘atuvchisi ekanini isbotladi.

Bu mikrob odatda juft-juft bo‘lib joylashadi. Baʼzan zanjirsimon ko‘rinish oladi.  Kattalagi 0,5 - 1,26 mkm ni tashkil qiladi. Biroz cho‘zinchoq, ovalsimon ko‘rinishga ega. Tashqi muhitda ustida spora hosil qilmaydi. Ammo odam yoki hayvon organizmiga tushsa kapsula paydo bo‘ladi. Kapsula mikrobni tashqi tomondan o‘rab olib, uni har xil tashqi taʼsirlardan himoya qiladi.

Pnevmakokklarni laboratoriya sharoiti, yaʼni sunʼiy oziq muhitida o‘stirish ancha qiyin. Boyitilgan oziq muhitida 37 daraja issiqlikda undirish mumkin. Ammo pnevmakokklarni 28-42 daraja issiqda ham ko‘payishi kuzatilgan. Ular, asosan, qonli muhitni xush ko‘radi. Shuning uchun ham zotiljamning dastlabki kunlari ular o‘pkaning mayda qon tomirlariga zarar yetkazadi. Keyinchalik o‘pkada shish va yallig‘lanishi yuz beradi va bu holat pnevmakokklarning keskin ko‘payishiga olib keladi. Ular agressiv fermentlarni hosil qiladi. Saxaroza, laktoza, maltozalarni parchalaydi.

Pnevmakokklarda uch xil antitana mavjud. Mikrob ustida, yaʼni kapsulasida joylashgan antitanalar 80dan ortiq, ularning odam organizmiga taʼsiri va  qarshiligi har xil.  

Pnevmakokklar tashqi muhitga u qadar chidamli emas. Dezinfeksiyalovchi moddalar taʼsirida 1-2 daqiqada, 50-55 daraja qizdirilganda 10 daqiqada, qaynatilganda shu zahoti o‘ladi. Ammo oqsil modda bilan o‘ralganda,  yaʼni qurib qolgan balg‘am, qon va boshqa patalogik materiallarda bir necha oy davomida saqlanadi. Nam va sovuq havoni yaxshi ko‘radi. Shuning uchun ham nafas olish yo‘llari va o‘pkaning yallig‘lanishi (shamollashi) yilning sovuq fasllarida ko‘p kuzatiladi. Tajriba tariqasida oq sichqon, dengiz cho‘chqasi va quyon organizmiga yuborilganda 24-48 soat ichida kasallik rivojlanib, o‘lim holati kuzatilgan va yorib ko‘rilganda ichki organlarida juda ko‘p kapsulali pnevmakokklar borligi ayon bo‘lgan.

Hayvonlardan buzoq, cho‘chqa bolalari va qo‘zichoqlar ham zotiljamga chalinadi. Pnevmokkoklar yuqori nafas yo‘llari orqali kirib, shu yerning shilliq sohasida uzoq vaqt saqlanib qolishi mumkin. Shuning uchun zotiljam tashqi (ekzogen) va ichki (endogen, qon va limfa) yo‘llar orqali rivojlanadi. Aksariyat hollarda havo-tomchi yo‘li orqali yuqadi. Ammo hamma vaqt ham kasallik yuzaga kelavermaydi. Odam shamollaganda, o‘ta zax joyda yashab toliqqanida, avitaminozda, och nahor yashaganida, kamqonlikda, kasallik va ichkilikbozlikka ruju qo‘yganida, xullas, immunitet — organizmning himoya kuchi kamayib ketganida pnevmakkoklar yuqori nafas yo‘llaridan quyi aʼzolarga o‘tadi va kasallik keltirib chiqaradi. Pnevmakokk yuqori nafas yo‘llarining shilliq qavatida bronxit, zotiljam, qonga tushsa, bakteriya va sepsisni yuzaga keltiradi. Qariyalar va chaqaloqlarda butun aʼzoga tarqalib og‘ir kasalliklar, sepsis, meningitga olib kelishi mumkin. Undan tashqari, bo‘g‘imlar yallig‘lanishi, endokordit, otit, peretonit, gaymorit, angina va boshqa qator kasalliklarga sabab bo‘ladi.

Bemor sog‘aygach, koronavirusga qarshi o‘rtacha kuchdagi, uzoq davom etmaydigan maxsus immunitet hosil bo‘ladi. Immunitet har bir bemorda individual, serologik variantlarga xos bo‘ladi, shuning uchun odam umri davomida pnevmakokklarning bir necha tipi bilan ko‘p bor kasallanishi mumkin.

O‘tkir zotiljam kasalligi har qanday yoshdagi odamda kuzatiladi. Ayniqsa sovuqda yupun kiyinadigan, zax va yelvizakda qolganlar ko‘p chalinadi. Kasallik to‘satdan boshlanib, bemorning harorati 38-39 gradusdan oshadi, eti uvishadi, sovqotadi, qaltirab, ko‘p terlaydi.

Dastlab quruq, keyin balg‘amli nam yo‘tal boshlanadi. Bu davrda bemorning ko‘krak qafasi sanchib og‘riydi. Nafasi siqib, havo yetishmaslik boshlanadi. Ko‘krak atrofidagi og‘riq yo‘talganda va nafas olganda kuchayadi. Labi, burni va qulog‘i terisi biroz ko‘karadi. Hatto og‘iz va burni terisi atrofiga mayda pufakli toshma (uchuq) chiqadi. Ko‘krak qafasidagi og‘riq bemorning bir zaylda nafas olishiga yo‘l qo‘ymaydi. Bemor tez-tez, chala nafas olishga harakat qiladi. Hatto shilliq balg‘amga biroz qon qo‘shilishi mumkin. Hadeb yo‘talaverish uning tinkasini quritadi.

O‘tkir zotiljamda o‘pkaning har xil qismlaridagi yallig‘lanish va hattoki o‘choqlarning katta-kichikligiga qarab klinik manzara bir-biridan farq qiladi.  Masalan, krupoz zotiljamda o‘pkaning bitta yoki bir nechta bo‘lagi yoki sigmenti yallig‘lanadi va undagi o‘zgarishlar uzluksiz ketma-ket davom etishi mumkin. Birinchi holatda o‘pkaning qonga to‘lish bosqichi ro‘y beradi. Bunda qon tomirchalarining o‘tkazish xususiyati oshib, alveolar ichida yallig‘lanish suyuqliklari to‘planadi. Bu davr 12 soatdan 3 kungacha davom etadi. Ikkinchi bosqichda qizil jigarrang tus oladi. Bunda alveolalar va kichik bronxlardan suyuqliklar tarkibi qon elementlari bilan to‘yinadi. Alveolardagi qon o‘rnini qizil zarrachalar egallaydi. O‘pka to‘qimasi havosizlanadi va zichlashib qizil, keyinchalik jigarrang tusga kiradi. Bu bosqich yana uch kungacha davom etadi. Uchinchi bosqich 3-6 kungacha cho‘ziladi va o‘pka kulrangga moyil jigarrang tusga kiradi.

Yiring hosil qiluvchi tanachalar ko‘payib ketadi. Keyingi tuzalish bosqichi samarali davodan so‘ng boshlanadi va bu kasallikning 9-10 kunlarida yuz beradi. Bunda o‘pkada alveola bo‘shlig‘idagi qon elementlari keskin kamayib, suyuqlik asta-sekin so‘rila boshlaydi. O‘pka to‘qimasi tiklanish tomon siljiydi, bemorning yo‘tali yumshaydi, ko‘p balg‘am ajraladi. Ko‘krak qafasidagi og‘riqlar yo‘qoladi. Bemorning nafas olish tezligi va harorati meʼyoriga tusha boshlaydi. Uning umumiy ahvoli yaxshilanadi. Krupoz pnevmoniyada o‘pkadan tashqari boshqa aʼzolar ham sezilarli darajada zararlanishi mumkin, ayniqsa, yurak urishi tezlashadi, qon bosimi pasayishi kuzatiladi. 

Zotiljam kasalligiga aniq klinik tashxis qo‘yish hozirgi “texnika zamoni”da unchalik qiyin emas. Bemorning qoni, balg‘ami, peshobi laboratoriyada tekshiriladi. Tashxisda, ayniqsa o‘pkani rentgen usuli bilan tekshirish muhim rol o‘ynaydi. Bemorning old va yon tomonidan tushirilgan rentgen tasviri yallig‘lanish o‘choqlari o‘pkaning qaysi bo‘lagida ekanini, uning hajmini belgilab beradi. Ayniqsa, hozirgi paytda tibbiyot amaliyotiga keng joriy qilinayotgan kompyuter tomografiya usuli o‘pkada yallig‘lanish o‘choqlari har qanday ko‘rinishda bo‘lishidan qatʼi nazar aniqlab bera oladi.

Bakterial zotiljam koronavirusli o‘pka kasalliklaridan bir muncha farq qiladi va bu, albatta, alohida mavzu. Kasalikka chalingan bemorlar kasalxona yoki uy sharoitida davolanishi mumkin. Koronavirusli zotiljamga nisbatan pnevmakokkli zotiljamda antibiotik va sulfalinamid pereparatlar yaxshi naf beradi. Bemorlar tana harorati ko‘tarilganda uyda qolishi, ko‘p suyuqlik ichishi, vitamin va oqsillarga boy ovqatlarni, meva va sabzavotlarni isteʼmol qilishi kerak bo‘ladi.

Kasallikning oldini olish chora-tadbirlari aholi va jamoatchilik kundalik hayotiga keng tatbiq etilishi lozim. Buning uchun tanani chiniqtirish, oqsil va vitaminlarga boy ovqatlarni o‘z vaqtida isteʼmol  qilishi kerak. Tomoq, burun va bronxlardagi har xil yallig‘lanish kasalliklarining oldini olish, ayniqsa, o‘tkir bronxit va zotiljamni o‘z vaqtida davolatish, kasallikni keltirib chiqarishda ishtirok etadigan omillar, tamaki, nos chekish, sovuq kunlari yengil-yupun yurish, muzlatgichdan qattiq sovitilgan gazli, shakarli suyuq ichimliklarni ichish man qilinadi. Zotiljam kasalligining oldini olishda to‘g‘ri mehnat tartibi, havoning chang-gazlar bilan ifloslanishi hamda atrof-muhitning tozaligi muhim ahamiyatga ega.

Dushman bilan kurashishda, agar uning kuchi, texnikasi, shart-sharoiti va qudrati nimalarga qodir ekanini yaxshi bilsak, samarali natijaga erishish mumkin. Buning uchun esa, eng avvalo, zotiljamni keltirib chiqaradigan pnevmokokk, bakteriya, stafilakokk, streptokokkning xususiyatini bilish, uning nimaga qodir ekanini baholay olish lozim. Mukammal ishlay oladigan mikrobiologik laboratoriyalar va ularda ishlash uchun yosh mikrobiologlarni tayyorlash bugungi kunning muhim vazifasi sanaladi.

Manba

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech