O‘zbekistonning Isroildagi faxriy konsuli Svi Sari xonim bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
Toshkentda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi rasmiy vakillarining O‘zbekistonning Isroildagi faxriy konsuli Svi Sari xonim bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Isroil davlatlarining farmatsevtika sanoatidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
So‘zga chiqqanlar O‘zbekistonning Isroilning yetakchi farmatsevtik kompaniyalari bilan hamkorlik qilishdan, jumladan, kontrakt asosida ishlab chiqarishga jalb etishdan manfaatdor ekanligini taʼkidladilar.
Sari xonim bunday hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Isroilning yirik “Teva Pharmaceuticals” kompaniyasi vakillari bilan onlayn-muzokaralar tashkil etishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, u O‘zbekiston bilan xamkorlik qilishdan manfaatdor bo‘lgan Isroil kompaniyalariga Agentlikning farmatsevtika sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirishga oid loyixa takliflarini yuborishni tavsiya kildi.
Sari xonim uchrashuv qatnashchilarini Isroil farmatsevtika sanoatini tartibga solish tizimi bilan tanishtirib, dori vositalarining chakana savdosi faoliyatini tartibga solish borasida ikki davlat qonunchiligidagi o‘ziga xos xususiyatlarni bayon etdi.
Uchrashuv yakunida Sari xonim agentlik vakillarini joriy yilning iyun oyi o‘rtalarida bo‘lib o‘tadigan farmatsevtika forumida ishtirok etish uchun Isroilga taklif qildi.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati