O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Aholi sog‘lig‘ini saqlashda tibbiy texnikalarning o‘rni va ahamiyati katta

Joriy yilning 30 yanvar kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va O‘zbekiston tibbiyot asbob-uskunalari ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar uyushmasi hamkorligida 2021 yilgi Davlat dasturida nazarda tutilgan tibbiyot sohasidagi islohotlar hamda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan tibbiyot texnikalari ko‘rgazmasiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.

Davra suhbatida so‘zga chiqqanlar tomonidan so‘nggi yillarda O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini yana-da takomillashtirish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, aholi salomatligini mustahkamlash, sifatli dori-darmon bilan taʼminlash hamda tibbiyot sohasida asbob-uskunalarni ishlab chiqarish borasidagi ishlar ko‘lami kun sayin ortib borayotgani taʼkidlandi.

– Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tahliliga ko‘ra, davolash inson salomatligini taʼminlashning 10 foiz omili, xolos. Irsiy omillar 15 foiz, atrof-muhit 20 foiz, eng asosiysi, turmush tarzi 55 foizni tashkil etadi. Koronavirus kasalligi ham noto‘g‘ri turmush tarzi og‘ir oqibatlarga olib kelishini ko‘rsatdi.

Ammo bugungi kunda mamlakatimizda aholi bilan eng ko‘p ish olib boradigan qishloq vrachlik punktining umumiy amaliyot shifokori zimmasiga 146 turdagi kasallikka diagnoz qo‘yish va davolash, 213 turdagisiga birlamchi diagnoz qo‘yish va yo‘llanma berish, shuningdek, reabilitatsiya, dispanserizatsiya va profilaktika bo‘yicha juda ko‘p vazifalar yuklatilgan. Shu bois, “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomtligini mustahkamlash yili” davlat dasturi loyihasida tibbiyot sohasini rivojlantirish bilan bog‘liq bir qator kechiktirib bo‘lmas masalalar qamrab olingan”, — deya fikr bildirdi – “Taraqqiyot Strategiyasi” Markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov.

Darhaqiqat, bu yilgi Davlat dasturi loyihasida amaldagi umumiy amaliyot shifokori va hamshiralar o‘rniga oilaviy shifokor, uning terapiya va pediatriya yo‘nalishlari bo‘yicha yordamchilari, patronaj hamshiralari va doyadan iborat bo‘lgan “tibbiyot brigadalari”ni tashkil qilish vazifasi belgilangan. Endilikda, sog‘lom turmush tarziga amal qilinmasligi natijasida kelib chiqayotgan kasalliklar ko‘rsatkichini 55 foizdan sezilarli darajaga tushirish maqsadida uy sharoitida bolalar uchun tayyorlangan ovqatlarni boyitish maqsadida 6-23 oylik bolalar mikronutriyent kukuni bilan, 6 oylikdan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarni “A” vitamini bilan hamda 2-10 yoshdagi bolalar gelmintoz profilaktikasi bo‘yicha maxsus preparatlar bilan bepul taʼminlanadi.

Tahlillar natijasida shifokorlarning ish kunining 60 foizi bemorlarni davolashga emas, hisobot to‘ldirishga sarf bo‘layotgani aniqlangan. Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida sog‘liqni saqlash tizimiga raqamli texnologiyalarni joriy qilishning huquqiy asoslarini yaratish borasida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Hozirgi kunda Yagona elektron ro‘yxatga olish va internet tarmoq orqali shifokor qabuliga yozilishni taʼminlab beruvchi «Elektron poliklinika» avtomatlashtirilgan axborot tizimini ishga tushirilishi natijasida hududlarda yashovchi fuqarolarning yagona tibbiy kartasi yaratilmoqda. Bunday tizim orqali fuqarolarimiz respublikamizning barcha tibbiyot muassasalaridan o‘zining kasallik varaqalaridan elektron tarzda foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda.

Bu kabi tizimlarning joriy qilinishi nafaqt shifokorlarga, balki bemorlarga ham vaqt va mablag‘ masalasini tejash borasida bir qator qulayliklarni yaratmoqda. Xususan, 2021 yilgi Davlat dasturi loyihasining 177-bandida belgilab berilgan vazifalarning amalga oshirilishi natijasida hududlarda ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yaxshilash maqsadida respublika ixtisoslashgan tibbiyot markazlari va ularning filiallari o‘rtasida telemeditsina aloqalari yo‘lga qo‘yiladi.

O‘zbekiston tibbiyot asbob-uskunalari ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar uyushmasi raisi Otabek Jiyanboyev mamlakatimizda tibbiyot tizimida olib borilayotgan islohotlarga uyushma aʼzolari hisoblangan korxonalar ham munosib hissa qo‘shib kelishayotgani, aholi salomatligini saqlash va tiklashda ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan tibbiyot texnologiyalari va asbob-uskunalarning ahamiyati katta ekani haqida to‘xtalib o‘tdi.

Tadbir yakunida «Taraqqiyot strategiyasi» markazi va O‘zbekiston tibbiyot asbob-uskunalar ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar uyushmasi o‘rtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi.

Shuningdek, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan tibbiy asbob-uskunalarning ko‘rgazmasi tashkil etildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech