O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Dorivor o‘simliklar turkumidan: Bargizubning xosiyatlari haqida

Qadimdan dorivor o‘simlik sifatida ishlatiluvchi bargizubning yana bir nomi - zubturum. Abu Ali ibn Sino bargizubni qon oqishini to‘xtatishda va yaralarni tuzatishda tavsiya etgan. Ulug‘ hakim bu o‘simlik haqida shunday deydi:

“Olovdan kuygan joylarga, uchuqqa, eshakemga, quloq osti shishlariga foyda qiladi. Barglarining shirasini quloqqa tomizilsa, og‘riqni bosadi, ildizi chaynalsa yoki qaynatmasi bilan og‘iz chayqalsa, tish og‘rig‘ini to‘xtatadi”.

Tibbiyotda asosan ikkita – Burga bargizub va Katta bargizub turlari ishlatiladi. Tarkibida vitamin S va K, shilliq, achchiq va oshlovchi moddalar, limon kislota mavjud.

Bargizub preparatlari balg‘am ko‘chirish, og‘riq qoldirish, bakteritsid va yallig‘lanishlarni tuzatish xususiyatiga ega.

Bargizub barglaridan tayyorlangan damlama va qaynatma bronxit, bronxial astma, ko‘kyo‘tal va silni davolashda qo‘llaniladi. Sarxil barglarining suvi oshqozon kislotaligi pastligi bilan kechuvchi surunkali gastritda, shuningdek, oshqozon va o‘n ikki barmoq ichak yarasida foyda qiladi. Bunday suv oshqozon shirasi ajralishini yaxshilaydi, qonda gemoglobinni ko‘paytirib, xolesterinni kamaytiradi.

Bundan tashqari, bargizub preparatlari xoletsistit, buyrak yallig‘lanishi, sariq kasalligi, dermatitni davolashda, bachadon, bavosil, oshqozondan qon oqishini to‘xtatishda ishlatiladi. Bargi yaralarga qo‘yilsa, tuzalishiga yordam beradi.

Unutmang, bargizub preparatlari oshqozon kislotaligi ortiqligi bilan kechuvchi oshqozon yarasida tavsiya etilmaydi.

Manba: biosfera.uz

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech