O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Exinatseya – immunitetni oshirish uchun eng kuchli dorivor o‘simliklardan biri

Bu sehrli gulning vatani - Shimoiy Amerika. Qadimdan hindular exinatseyaning naqadar shifobaxsh ekanini bilib, uning ildizidan jarohatlar, hasharotlar, ilon chaqqan joylariga kompress qilishgan. Mazkur giyohni qaynatib, ko‘zlarini yuvishgan, kuygan joylarni tozalashgan, damlamasini bo‘lsa tish og‘rig‘i, milk yallig‘lanishidan ishlatishgan.

Tarkibi efir moylari, glikozidlar, saponinlar, polisaxaridlar, alkaloidlar kabi moddalarga boy bo‘lgani bois, exinatseyaga immunitetni ko‘tarishda uncha-bunchasi bas kela olmaydi.

Exinatseya:
1) Bakteriostatik, yallig‘lanishga qarshi, tinchlantiruchi taʼsirga ega: shamollash, gripp, quloq infeksiyalari, siydik qopi xastaliklarida yordam beradi.
2) Asab tizimi faoliyatini normallashtiradi: depressiya, psixik va jismoniy zo‘riqishda qo‘l keladi.
3) Hujayralarning patogen mikroorganizmlar hujumiga qarshilik ko‘rsatish xususiyatini oshiradi. Bunda u nafaqat mikroblarning hujayra membranasi orqali kirishiga to‘sqinlik qiladi, balki organizm bo‘ylab tarqalishining ham oldini oladi.
4) Faol moddalari qondagi leykotsitlar miqdorining oshishiga yordam beradi, immunoglobulinlar ishlab chiqarilishini stimullaydi.

Qizil exinatseyadan uy sharoitida qaynatma tayyorlash mumkin.

Buning uchun quritilgan giyohdan 10 gramm olinadi. 500 ml suvga solinib, past olovda miltillatib qaynatiladi hamda issiq joyda uch soat damlanib, dokadan o‘tkazib olinadi.
Ovqatdan avval qabul qilinuvchi exinatseya qaynatmasini shifokor bilan maslahatlashib, keyin isteʼmol qilish tavsiya etiladi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech