O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Eronning Fan, tadqiqotlar va texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston-Eron fan va innovatsiya forumi” o‘tkazildi

Eron Islom Respublikasi Prezidentining ilm-fan va texnologiyalar bo‘yicha Vitse-prezidenti S. Sattoriyning O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida joriy yilning 20 iyul kuni Eronning Fan, tadqiqotlar va texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston-Eron fan va innovatsiya forumi” o‘tkazildi. Unda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentli vakillari ham ishtirok etishdi.

Forumni O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov ochib berdi. Vazir Ibrohim Abdurahmonov O‘zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasi haqida so‘zladi. Joriy oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlangan 2022-2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Innovatsion rivojlanish strategiyasi innovatsion rivojlanish sohasida davlat organlari va tashkilotlarining saʼy-harakatlarini birlashtirishga qaratilgan strategik hujjat bo‘lib, uning amalga oshirilishi natijasida mamlakatimizning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligi oshadi. So‘ng Eron Islom Respublikasining vitse prezidenti Sorena Sattoriy maʼruzasi tinglandi.

Eronda innovatsiyalarni iqtisodiyotning turli sohalariga tatbiq etish, ilmiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy-tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish, startap ekotizimini shakllantirish kabi masʼuliyatli vazifalar katta muvaffaqiyat bilan bajarib kelinmoqda.

Taʼkidlash joiz, O‘zbekiston–Eron o‘rtasidagi ilmiy-texnikaviy va innovatsion hamkorlik yillar davomida izchil rivojlanib bormoqda. Joriy yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida imzolangan Ilm-fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik to‘g‘risida Anglashuv memorandumi bio- va nanotexnologiyalar, farmatsevtika, axborot-kommunikatsiyalari, qishloq xo‘jaligi va boshqa ko‘plab ilmiy sohalarda aloqalar kengayishiga xizmat qiladi.

Mazkur forum doirasida Innovatsion rivojlanish vazirligi binosining ko‘rgazmalar zalida O‘zbekiston va Eronning innovatsion kompaniyalari va startaplarining mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda ikki mamlakat korxona va tashkilotlarining innovatsion ishlanma va mahsulotlari namoyish qilindi. Eron tomonidan tibbiyot, chorvachilik, oziq-ovqat va boshqa turli xil sohalarda faoliyat yurituvchi 35 ta yetakchi innovatsion kompaniyalar o‘zlarining innovatsion mahsulot va loyihalari bilan ishtirok etdi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston va Eron mamlakatlarining ishbilarmonlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yana-da mustahkamlash hamda qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, tibbiyot va farmatsevtika, axborot texnologiyalari va oziq ovqat sanoati kabi yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish maqsadida ko‘rgazma doirasida ikki mamlakat ishbilarmon vakillari o‘rtasida “B2B” uchrashuvlar o‘tkazildi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech