O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov soha tadbirkorlari bilan  tanishdi.

Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov soha tadbirkorlari bilan  tanishdi.

Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida Zoom yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda  Agentlik direktori Abdulla Azizov va 100 dan ortiq dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ishlab chiqaruvchi korxonalar rahbarlari ishtirok etishdi. Yig‘ilish avvalida agentlikka rahbar etib tayinlangan Abdulla Azizov barcha xodimlarga tanishtirildi. So‘ngra sohada mavjud holat tahlil qilinib,  muammolarni bartaraf etish bo‘yicha agentlik oldida turgan birinchi navbatdagi vazifalar belgilab berildi.

Avvalo, bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri yurtimizda ishlab chiqarilayotgan farmatsevtik mahsulotlarga nisbatan fuqarolarning ishonchini oshirish ekani ta’kidlandi. Bunga erishishning yagona va eng to‘g‘ri yo‘li esa, dori vositalarining sifatini oshirish ekani va bu yo‘lda bevosita agentlik xodimlari bilan bir qatorda farmatsevtika sohasida faoliyat yuritib kelayotgan tadbirkorlar, bir so‘z bilan aytganda butun sanoat vakillari birgalikda harakat qilishlari lozimligi aytib o‘tildi.

Shuningdek, yig‘ilishda mahalliy kompaniyalar tomonidan ishlab chiqariladigan farmatsevtika mahsulotlari eksport salohiyatini oshirish masalasi ham ko‘tarildi. Bunga erishishda Agentlik tizimida faoliyat olib borayotgan “Zarur amaliyotlar markazi” DUKning faoliyati doirasida barcha farmkompaniyalarni GxP talablariga asosan sertifikatlashtirishning, pirovard natijada standartlarni jahon talablariga muvofiq ravishda ko‘tarishning ahamiyati yuqori ekani bayon etildi.

Ta’kidlash joizki, hozirda dori vositalarini ishlab chiqaruvchi 82 ta korxona litsenziyaga ega. Sohada yana tibbiy buyumlarni ishlab chiqaruvchi 110 ta hamda tibbiy texnika ishlab chiqaruvchi 35 ta korxona faoliyat olib bormoqda.  Shulardan 40 tasida GMP sertifikati mavjud bo‘lib, umumiy dori vositalarni ishlab chiqarish xajmining 83 foizi aynan shu korxonalarga to‘g‘ri keladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-55-son farmoniga asosan, farmatsevtika tarmog‘i va respublika sog‘liqni saqlash tizimidagi tashkilotlarni zarur amaliyotlar (GxP) talablariga muvofiq majburiy sertifikatlash muddatlari 2024 yil 1 yanvargacha uzaytirilgan edi. Yig‘ilishda bu boradagi vazifalar ijrosini jadallashtirish uchun barcha choralar ko‘rilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, xorij davlatlarida o‘tkaziladigan xalqaro ko‘rgazmalarda mahalliy farmatsevtika mahsulotlari namoyishini ko‘paytirish bir tomondan bu mahsulotlar eksport hajmini oshirsa, xalqaro forumlarda agentlik ekspertlari va mahalliy farmkopaniyalar vakillarining ishtiroki xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirib, yurtimizga import qilinayotgan dori vositalari hamda tibbiy buyumlarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga imkon berishi aytib o‘tildi.

Agentlik direktori soha rivoji uchun malakali kadrlarni tayyorlash masalasiga to‘xtalar ekan, sifatli va noyob dori mahsulotlarini tayyorlay oladigan ilmiy salohiyati yuqori bo‘lgan kadrlarni tayyorlashda ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni kuchaytirish zarurligini qayd etdi. Bo‘lajak farmatsevtlarning tadqiqotlar o‘tkazish ko‘nikmasini shakllantirish, ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikda amalga oshirilishi lozimligini aytib o‘tdi. Bunda korxonada amaliyot o‘tayotgan talabada zarur ko‘nikmalar shakllanishi bilan bir qatorda, ishlab chiqaruvchida ushbu talabalar orasidan yosh kadrlarni saralab olishi uchun qulay  imkoniyat paydo bo‘lishi ta’kidlandi.

Yig‘ilish yakunida Agentlik direktori  soha tadbirkorlariga yuzlanar ekan, ulardan o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashishini, soha rivoji uchun  barcha bir jamoa bo‘lib ishlashi lozimligini ta’kidlab o‘tdi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech