O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Farmatsevtika hamda sog‘liqni saqlash sohasida O‘zbekiston va Afg‘oniston hamkorligi kengaymoqda

Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi vazirlik va idoralari mas’ullaridan iborat bir guruh vakillari Afg‘oniston davlatida bo‘lib turibdi. 

Delegatsiya tarkibida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Yakubov ham bo‘lib, farmatsevtika va sog‘liqni saqlash sohasida Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik masalalarida muzokaralar olib bormoqda.

Xususan, Afg‘onistonning “Fyucher Vels Trayding“ kompaniyasi direktori G.Fahim bilan O‘zbekistondagi ishlab chiqaruvchilar tomonidan yiliga o‘rtacha 1 mln. dollarlik protein va vitamin komplekslarini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, Afg‘oniston Aholi salomatligi vazirligining farmatsevtika xizmatlari direktori Hamid Furmuli bilan mazkur mamlakatdagi “Ibn Sina” korxonasi negizida shartnoma tuzish masalalari muhokama qilindi. 

Ma’lumot o‘rnida aytadigan bo‘lsak, Afg‘onistonda davlat tomonidan aholini farmatsevtika mahsulotlari bilan ta’minlash xususiy sektor tomonidan amalga oshiriladi. Bu ishda “Ibn Sina” yirik distribyuter korxonasi jonbozlik ko‘rsatib kelmoqda. 

Bundan tashqari, stomatologiya xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha Kobul shahrida atigi bitta korxona faoliyat ko‘rsatib kelayotgan bo‘lib, uchrashuvlar davomida Afg‘oniston tibbiyot xodimlarini “Health manager” bo‘yicha malakasini oshirish, qisqa muddatli kurslarda o‘qitish masalalari kelishildi.

Mazkur holatlar e’tiborga olinib, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan dori mahsulotlarini ushbu mamlakat bozoriga yetkazish borasida Afg‘oniston “Oziq-ovqat va dori vositalarini sifatini nazorat qilish” milliy uyushmasi raisi, doktor A.Umar bilan samarali muzokaralar olib borildi. 

Xususan, davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning o‘zaro soddalashtirilgan tizimini (25 kungacha) joriy qilish bo‘yicha kelishuv loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech