O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

GMP talablarini joriy qilish bilan bog‘liq xarajatlar Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan qoplanadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2022 yil 12 aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda, dori vositalarini mahalliy ishlab chiqaruvchilari 2022 yil 31 dekabrga qadar o‘z korxonalarida birinchi marotaba “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti – GMP” davlat standarti talablari joriy qilib, “Zarur amaliyotlar markazi” DUK tomonidan GMP sertifikatini qo‘lga kiritgan taqdirda, mazkur standart talablarini joriy qilish bilan bog‘liq xarajatlar “Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi” mablag‘lari hisobidan qoplab berilishi belgilangan edi.

Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktorining 2022-yil 15-aprelda 51-son buyrug‘i qabul qilingan bo‘lib, unga muvofiq, endilikda dori vositalarini mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar 2022-yil 12-apreldan 31-dekabrga qadar o‘z korxonalarda birinchi marotaba “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti – GMP” davlat standarti talablarini joriy qilsa, mazkur talablarni joriy qilishda ketgan xarajatlar Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan qoplab beriladi.

Bunda mahalliy ishlab chiqarish korxonalari Zarur ishlab chiqarish amaliyotining (GMP) milliy talablariga muvofiqlik sertifikatini birinchi marotaba olish bilan bog‘liq (E’tibor bering! 2022 yil 12 apreldan boshlab rasmiylashtirilgan shartnomalar asosida) korxonalar tomonidan haqiqatda amalga oshirilgan (Zarur ishlab chiqarish amaliyotining (GMP) milliy talablariga muvofiq korxonalarni modernizatsiya qilish xarajatlari bundan mustasno) xarajatlari bo‘yicha Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga murojaat qilishlari so‘raladi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech