O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida Ispaniyaning “Gedepsa” kompaniyasi vakili bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 3 fevral sanasida Ispaniyaning “Gedepsa” kompaniyasi direktori Aleksandr Pastrana Molero Agenlik direktori Sardor Kariyev bilan uchrashish uchun Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga tashrif buyurdi.

Ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va investitsiya hamda savdo-sanoat aloqalarini mustahkamlash maqsadida o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyev boshchiligida Agentlik vakillari hamda Ispaniya tomonidan “Gedepsa” kompaniyasi direktori Aleksandr Pastrana Molerolar qatnashishdi.

Dastavval Aleksandr Pastrana Molero Ispaniyaning Kastilya-La-Mancha universiteti tomonidan uzoq yillar mobaynida olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida sarimsoq piyozdan “allitsin” moddasini barcha shifobaxsh xususiyatlarini saqlagan holda kukun ko‘rinishida ishlab chiqarish texnologiyalari tadqiq etilganini bildirdi.

U, shuningdek, hozirgi kunda mazkur modda asosida inson sog‘lig‘i uchun o‘ta muhim bo‘lgan tabiiy antibiotik vazifasini bajaruvchi patentlangan bioaktiv qo‘shimcha ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun xomashyo bazasi mavjud bo‘lgan mamlakatlardan hamkorlar izlanayotganini maʼlum qildi.

Agentlik direktori Sardor Kariyev ham o‘z navbatida yurtimizda farmatsevtika tarmog‘ida va xalqaro aloqalarni rivojlantirish sohasida olib borilgan ishlar, shuningdek investorlar uchun yurtimizda yaratilgan imkoniyatlar haqida maʼlumot berib, farmatsevtik erkin iqtisodiy zonalar, “Tashkent Pharma Park” klasteri va unda amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar haqida taqdimot o‘tkazdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishdan umidvor ekanliklarini bildirishdi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech