Koreya biomarkazlari bilan tajriba va kadrlar almashinuviga kelishib olindi
Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi delegatsiyasining Koreya Respublikasiga tashrifi doirasida Inchxon erkin iqtisodiy zonasi (IFEZ) direktori o‘rinbosari, "Pangyo Techno Valley" sanoat zonasini rivojlantirish bo‘limi rahbari shuningdek, biotexnologiya bo‘limi boshlig‘i va "Gyeonggi Bio Center" biomarkazining rivojlanish guruhi rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Ma’lumot uchun: "Pangyo Techno Valley" sanoat zonasi Koreya Respublikasi hukumati tashabbusi bilan 2005 yilda 662 000 m2 maydonda tashkil etilgan. Bugungi kunda biotexnologik zonada AKT, biotexnologiyalar va nanotexnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha faoliyat yurituvchi 1622 ta kompaniya mavjud.
"Gyeonggi Bio Center" biomarkazi Kyongido viloyati rahbariyati tashabbusi bilan 32 000 m2 maydonda 200 7yilda tashkil etilgan. Bu markaz biotexnologiyalar sohasidagi investisiya va startap loyihalarini amalga oshirishga ixtisoslashgan. Bugungi kunda markazda 24 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda, 50 ming xodim mehnat qilmoqda, 14 ta startap loyihasi amalga oshirilmoqda.
Mazkur ishlab chiqarish va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarining yaratilish tarixi haqida delegatsiya a’zolariga batafsil so‘zlab berildi. Qayd etilishicha, ular Koreya hukumati tomonidan to‘liq subsidiyalanadi. Muzokaralar doirasida tomonlar hamkorlikning ko‘plab istiqbolli yo‘nalishlarini qayd etdilar.
Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining ilmiy-tadqiqot institutlari, O‘zbekiston farmasevtika oliy o‘quv yurtlari hamda “Toshkent Farma Park” innovasion ilmiy-ishlab chiqarish klasteri hamda "Gyeonggi Bio Center" biomarkazi o‘rtasida tajriba va kadrlar almashinuviga kelishildi. Mazkur kompaniya rahbariyati O‘zbekiston bilan ilmiy-tadqiqot salohiyatini rivojlantirishdan manfaatdorligini bildirgan holda Koreyaning biotexnologiya markazlarida o‘zbekistonlik olimlarni malaka oshirishlarida amaliy yordam berishga tayyorligini bildirdi.