O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

“Kusum Uzbekistan” va Agentlik hamda “Tashkent Pharma Park” o‘rtasida uch tomonlama kelishuv imzolandi

Joriy yilning 17 fevral sanasida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida “Kusum Uzbekistan” MCHJ, agentlik hamda “Tashkent Pharma Park” o‘rtasida uch tomonlama kelishuv imzolandi.

100 dan ortiq brendlar ostida ishlab chiqariluvchi mahsuloti ginekologiya, kardiologiya, endokrinologiya, nevrologiya, gastroenterologiya va boshqa ko‘plab sohalarda qo‘llanib kelayotgan “Kusum Uzbekistan” MCHJ Toshkent viloyati Zangiota tumanida qad rostlayotgan “Tashkent Pharm Park” klasterining sanoat zonasida dori vocitalarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan farmatsevtika zavodini qurishni ko‘zlamoqda.

Ushbu loyiha doirasida nevrologik kasalliklarni davolash, turli xastaliklar bois yuzaga keluvchi og‘riq sindromi, yallig‘lanish jarayonlarini bartaraf etishga qaratilgan tabletka shaklidagi dori vositalarini, immun tizimi ishini yaxshilovchi, vitamin va mikroelementlar o‘rnini to‘ldiruvchi preparatlarni ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.

Summasi 10 million AQSH dollariga teng bo‘lgan uch tomonlama investitsiya kelishuvi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan – direktor Sardor Kariyev, “Tashkent Pharma Park” direksiyasi tomonidan – direktor Sanjar Bobojonov va “Kusum Uzbekistan” nomidan –direktor Firuz Nasriyevlar tomonidan imzolandi.

Maʼlumot uchun, 1997 yilda faoliyatini boshlagan Kusum Healthcare Pvt Ltd. to‘rtta zamonaviy ishlab chiqarish bo‘linmalariga ega bo‘lgan to‘liq integratsiyalashgan farmatsevtika guruhi bo‘lib, “Kusum” kompaniyalar jamoasi tarkibiga kiradi. Barcha ishlab chiqarish quvvatlari Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining GMP sertifikatiga ega.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech