O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Misr Arab Respublikasiga oliy darajadagi tashrif munosabati bilan agentlik rahbariyati mazkur davlatda bo‘lib qaytdi

Joriy yilning 14-21 fevral kunlari Misrga kelgan Agentlik delegatsiyasi dastlab “FPi Future Pharmaceutical Industries” zavodini borib ko‘rdi. Misrdagi eng yirik 10 ta farmatsevtika ishlab chiqaruvchilari safiga kiruvchi mazkur zavod bosh boshqaruvchisi doktor Axmed Samir va eksport menedjeri Taxir Abulxiyer bilan bo‘lgan muzokaralar davomida arab tomoni hamkorlik borasida bir qancha takliflar berdi. Bu takliflardan biri dastlab mahsulotlarini O‘zbekistonga eksport qilib, bozorni o‘rganishni, so‘ngra texnologiya transferini amalga oshirishni va nihoyat yetarlicha mahsulotlar ro‘yxatdan o‘tkazilgandan so‘ng, ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga o‘tishni nazarda tutadi.

19 fevral kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Misr biznes-forumida tomonlar o‘rtasida Anglashuv memorandumini imzolandi.

Maʼlumot uchun: 2011 yildan beri Misr bozorida mavjud bo‘lgan “FPi Future Pharmaceutical Industries” kompaniyasi yurak qon tomir xastaliklari, qandli diabetni davolovchi preparatlar, og‘riq qoldiruvchi dorilar, antibiotiklar, antipiretiklar, vitaminlar, biologik faol qo‘shimchalarni tabletka va kapsulalar ko‘rinishida ishlab chiqaradi.

Tashrif chog‘i yana Misr farmatsevtika bozorining 20 foizi tegishli bo‘lgan “ACDIMA” investitsion korporatsiyasi rahbari doktor Olfat Mostafa xonim, xolding tarkibiga kiruvchi “EIPICO” kompaniyasi boshqaruv direktori doktor Axmed Kelani hamda “Medical Union Pharmaceuticals” boshqaruv direktori doktor Axmed Lila bilan uchrashuv o‘tkazildi. Hamda ACDIMA ning onkologiyaga oid (MUP), insulin (SEDICO) va boshqa dori mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi (EIPICO) 3 ta zavodiga tashrif uyushtirildi.

“ACDIMA” bilan umumiy qiymati 5,0 mln AQSH dollari bo‘lgan tayyor dori vositalari ishlab chiqarish loyihasini Toshkent viloyati hududida amalga oshirish to‘g‘risida kelishuv muhokama qilindi.

Maʼlumot uchun: Misrning sog‘liqni saqlash sohalariga ixtisoslashgan “ACDIMA” investitsion korporatsiyasi tarkibidagi 16 ta kompaniya jami 36 xil terapevtik guruhda 1100 xil mahsulot ishlab chiqaradi. Bu kompaniyalardan 10 tasi farmmahsulot ishlab chiqarib, EIPICO – 30 ta, MUP – 9 ta mahsulotini O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazgan.

Tashrif davomida, shuningdek, Misrdagi eng yirik farmatsevtika  mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi xususiy kompaniyalardan biri bo‘lgan “Pharco Corporation” eksport direktori Rafik Adel bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Hamda O‘zbekiston-Misr biznes-forumi doirasida kompaniya rahbari bilan hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi.

Maʼlumot uchun: “Pharco Corporation” kompaniyasi 7 ta zavodida ishlab chiqaruvchi mahsulotlarini 52 ta mamlakatga eksport qiladi. 20 dan ortiq terapevtik guruhda ishlab chiqaruvchi 450 xil mahsulotining 8 tasi O‘zbekistonda ro‘yhatdan o‘tkazilgan.

Misrdagi yagona biofarmatsevtika ishlab chiqarish kompaniyasi bo‘lgan “Minapharm Pharmaceuticals” strategik hamkorlik bo‘yicha direktori bilan ham uchrashuv tashkillashtirildi. O‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokamasidan so‘ng Yevropadan keltirilgan zamonaviy texnika bilan jihozlangan ishlab chiqarish zavodi ko‘zdan kechirildi.

Maʼlumot uchun: Minapharm kichik molekulalardan bioinjenerlangan oqsillargacha bo‘lgan dori-darmonlarni ishlab chiqaradi va tijoratlashtiradi, shuningdek, oqsil ishlab chiqarish va hujayra&gen terapiyasi sohasidagi ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiqadi va litsenziyalaydi. Misr va Germaniyada ishlab chiqarish zavodlariga ega. Shoʻba korxonalari: Minapharm  Probiogen (Qohira), Probiogen AG (Berlin).

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati
 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech