O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Namangan viloyati Namangan shahrida “Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi” o‘tkazilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Namangan viloyat hokimligi hamda Elektron kooperatsiya portali markazi hamkorligida Namanganda “Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi” o‘z ishini boshladi.

Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasida 28 may sanasiga qadar davom etadigan ushbu tadbirda yengil sanoat, charm-poyabzal, oziq-ovqat, mebelsozlik, qurilish materiallari, elektrotexnika, farmatsevtika sanoati sohalari korxonalari o‘z ko‘rgazma mahsulotlari bilan ishtirok etishmoqda.

Namangan viloyat farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘linmasi mutaxassisi Maxmudjon Qamchinbayevning maʼlumot berishicha, mazkur sanoat yarmarkasida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ham o‘z ko‘rgazma stendi bilan qatnashmoqda.

Ushbu stendda viloyatda faoliyat yuritayotgan 15 ga yaqin mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar jumladan, “Merrymed pharm” MCHJ, “Spring pharmaseutic” MCHJ, "Namangan pharm plant" MCHJ, "Kamol med farm" MCHJ, "Namangan med texnika" MCHJ, "Nam bio test" MCHJ, "Axsikent sof sanoat" MCHJ, "Firdavs farm savdo servis" MCHJ, tomonidan ishlab chiqarilgan (300 dan ortiq turdagi dori vositalar va 162 turdagi tibbiy buyum va tibbiy texnika) farmatsevtika mahsulotlari o‘rin egallagan.

Taʼkidlash joiz, hududlarda tashkil qilinib kelayotgan tarmoqlararo sanoat yarmarkalari sanoat rivojiga va mamlakat iqtisodiyotining turli tarmoqlariga ilg‘or ishlab chiqarish texnologiyalarini jadal joriy etishga turtki berib O‘zbekiston sanoat doiralari uchun doimiy platformaga aylanib bormoqda.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech