O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Ozarbayjonda mahalliy farmatsevtika mahsulotlarimizni ro‘yxatdan o‘tkazish masalalari muhokama qilindi

Agentlik vakillarining Ozarbayjonda uchrashuvlari davomida Ozarbayjon Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi farmatsevtika mahsulotlarini ro‘yxatga olish bilan shug‘ullanuvchi Analitik ekspertiza markaziga ham tashrif uyushtirildi.

Markaz rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tomonlar mamlakatimizda ishlab chiqarilgan dori vositalarini Ozarbayjonda ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Xususan, ayni paytda Markazda 20 dan ortiq mamlakatimizda ishlab chiqarilgan dori vositalari ro‘yxatga olingani, 11 ta dori vositasi ro‘yxatdan o‘tish bosqichida ekani maʼlum qilindi.

Tomonlar mamlakatimizda ishlab chiqarilgan dori vositalarini belgilangan tartibda Markazda ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-taomillarini soddalashtirish bo‘yicha kelishib oldilar. Shuningdek, mahalliy farmatsevtika kompaniyalariga Ozarbayjon bozoriga kirishda ko‘maklashish maqsadida Agentlik va Markaz o‘rtasida O‘zbekiston dori vositalarini Ozarbayjonda ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-taomillarining borishi to‘g‘risida doimiy asosda axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, tashrif davomida Ozarbayjondagi farmatsevtika kompaniyalari bilan B2B uchrashuvlari tashkil etildi. Uning doirasida Ozarbayjonning dorivor va o‘simlik xomashyosi asosidagi biologik faol qo‘shimchalarini yirik ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lgan “Herba Flora” kompaniyasi bilan muzokaralar olib borildi.

Muzokaralar natijasida korxona xomashyoning 70 foizini xorijdan sotib olishi munosabati bilan Agentlik tomonidan O‘zbekistonda yetishtiriladigan dorivor va o‘simlik xomashyosini yetkazib berishni tashkil etish taklifi bildirildi. Tomonlar kompaniyaga zarur bo‘lgan xomashyo ro‘yxatini O‘zbekiston tomoniga jo‘natish, O‘zbekiston xomashyo bazasiga ega bo‘lgan pozitsiyalarni aniqlash, dorivor va o‘simlik xomashyosini eksport qilishni tashkil yetish bo‘yicha kelgusida mahalliy kompaniyalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.

Bundan tashqari, Agentlik tomonidan Ozarbayjondagi farmatsevtika mahsulotlari distribyutorlari, 10 dan ortiq farmatsevtika kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ularga farmatsevtika mahsulotlarini eksport qiluvchi mamlakatimiz korxonalari to‘g‘risida batafsil maʼlumotlar aks ettirilgan tarqatma materiallar taqdim etildi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech