O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

O‘zbekiston – Ozarbayjon: Farmatsevtika sohasidagi hamkorlikning yangi bosqichida

Joriy yilning 18 iyun sanasida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov boshchiligidagi ishchi guruh Ozarbayjon Respublikasiga tashrif buyurdi.

Tashrifi doirasida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi vakillari Absheron yarim orolida joylashgan Pirallaxi sanoat parkiga tashrif buyurdi.

Tashrifdan ko‘zlangan maqsad faqat farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish uchun mo‘ljallangan, alohida imtiyozli shartlarga ega iqtisodiy zona faoliyatini o‘rganishdan iborat.

Mazkur tashrif davomida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Egamov Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining Iqtisodiy hududlarni rivojlantirish agentligi vakillari bilan dori vositalari ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha investisiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

Muzokaralar davomida Ozarbayjon tomoni ham loyihani amalga oshirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirib, Pirallahi sanoat parki hududida joylashgan “R-Pharm” va “Diamed” kompaniyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirishdi.

Uchrashuv yakunida Farmagentlik vakillari “Diamed” va “R-Pharm” farmatsevtika kompaniyalari faolioyati bilan yaqindan tanishish maqsadida ushbu zavodlarga tashrif buyurishdi.

Taʼkidlash joiz yuqoridagi hamkorlik loyihasini amalga oshirish doirasida O‘zbekiston farmatsevtika korxonalari bir qator imkoniyatlarga ega bo‘ladi.

Jumladan:
- mahsulotlarni Ozarbayjonga bojxona soliqlari va QQS undirmagan holda olib kirish;
- dori vositalarini davlat xaridlarida ishtirok etishda imtiyozlar (mahalliy ishlab chiqaruvchilarga ustunlik beriladi);
- Ozarbayjon Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Analitik ekspertiza markazida dori vositalarini jadal ro‘yxatga olishni amalga oshirish;

- iqtisodiy zonalar rezidentlariga beriladigan imtiyozlarni olish;

- Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Eksportni rivojlantirish jamg‘armasi va Iqtisodiyot vazirligining boshqa bo‘ysunuvchi tashkilotlari hisobidan mahsulot eksport qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar olish, Ozarbayjonda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech