O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

O‘zbekiston tibbiyot asbob-uskunalar ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar uyushmasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Unda O‘zbekiston tibbiyot asbob-uskunalar ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar uyushmasi aʼzolari, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Alisher Temirov va boshqalar ishtirok etdi.

Yig‘ilishni «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ochib berdi va 2021 yil “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturi loyihasida aholi salomatligini mustahkamlashda va tibbiyot sohasida nazarda tutilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ijrosi yuzasidan gapirib o‘tdi. Shuningdek, xalqimizning zamonaviy tibbiy xizmatlarga bo‘lgan talab va ehtiyojini qondirish, tibbiyot yutuqlaridan inson salomatligi yo‘lida oqilona foydalanish, tibbiyot tarmog‘idagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida o‘zaro hamkorlikda amalga oshirilayotgan islohotlar bo‘yicha maʼlumot berdi.

Pandemiya davrida davlatimiz rahbari tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab quvvatlashga qaratilgan bir qator imtiyozlar berildi. Bevosita bu ishlarni davomi sifatida joriy yilning 12 oktyabr kuni davlatimiz rahbari tomonidan 721-sonli yangi qonun imzolandi. Unga ko‘ra “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar kiritilib, tibbiyot buyumlarini ishlab chiqarish va ulgurji sotish uchun litsenziya olish bekor qilindi.

Bularning barchasi mahalliy ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotganidan, O‘zbekiston Respublikasida tibbiy asbobuskunalar va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarish ko‘payishini rag‘batlantirayotganidan dalolatdir.

Shuningdek, yig‘ilishda ishtirok etgan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Alisher Temirov o‘zaro hamkorlikdagi vazifalar va istiqboldagi rejalarga to‘xtalib, bugungi imzolanayotgan hamkorlik memorandumi ham aholi salomatligini saqlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda munosib hissa qo‘shishini alohida taʼkidladi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi tibbiyot va texnika sohasida ko‘p yillar xizmati va soha rivojiga qo‘shgan hissasi uchun bir guruh faollar, yaʼni tibbiyot fanlari doktori, professor Akram Fazilov, “Yuksalish” umummilliy harakati Toshkent shahar bo‘linmasi rahbari Dilshod Shoumarov, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov hamda Askar Tuhtayevlar O‘zbekiston tibbiyot asbob-uskunalari ishlab chiqarish va yetkazib beruvchilar uyushmasi tomonidan joriy etilgan "O‘zbekiston Respublikasi tibbiyot va texnika sohasida ko‘p yillar xizmat va soha rivojiga qo‘shgan hissasi uchun" esdalik nishoni bilan taqdirlandi.

Yig‘ilish so‘nggida O‘zbekiston tibbiyot asbob-uskunalar ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar uyushmasi, “Yuksalish” umummilliy harakati Toshkent shahar bo‘linmasi, Samarqand davlat tibbiyot instituti o‘rtasida xamkorlik Memorandum imzolandi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish 
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech