O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

O'zbekiston va Afg'oniston o'rtasida farmatsevtika sohasidagi aloqalar mustahkamlanmoqda

O'zbekiston Respublikasi Farmatsevtika tarmog'ini rivojlantirish agentligi direktori Ulug'bek Egamov raisligida Afg'oniston Islom Amirligi Oziq-ovqat va dori-darmon milliy idorasi (AFDA) raisi doktor Abdul Bori Umar bilan muzokaralar bo'lib o'tdi.

Zoom platformasi orqali “O'zbekiston va Afg'oniston Islom Amirligi o'rtasida farmatsevtika sohasida aloqalarni mustahkamlash, qo'shma loyihalarni ishga tushirish, eksportni rag'batlantirish” mavzusida tashkil etilgan yig'ilishda O'zbekiston farmatsevtika mahsulotlari Osiyo davlatlariga eksport qilinayotgani, Afg'onistonning farmatsevtika korxonalarini O'zbekistonda qo'shma loyihalarni ishga tushirish borasidagi takliflar o'rtaga tashlandi.

Xususan, Afg'onistonda O'zbekiston Respublikasi farmatsevtik mahsulotlari "Shouruming"i tashkil etilishi, O'zbekiston farmatsevtik mahsulotlarini Afg'onistonning tegishli idoralarida ro'yxatdan o'tkazish hamda ro'yxatdan o'tkazilish muddatlarini qisqartirish, yurtimizdagi farmatsevtik mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalarni Afg'onistonning dori-darmon bo'yicha davlat xaridlarida (tenderlarida) ishtirok etishi kabi takliflar bildirildi.

Bundan tashqari, Afg'onistoning farmatsevtika sohasida yirik distribyuterlari bilan uchrashib, O'zbekiston farmatsevtik mahsulotlari nomenklaturasi bilan tanishtirish, hamkorlikni yo'lga qo'yish bu borada ikki mamlakatning texnik ishchi guruhi tuzilishi takliflar o'rtaga tashlandi. Bu orqali yaqindan axborot almashuvi hamda muammolarni hal qilish bo'yicha amaliy choralar ko'rish, ikki tomonlama hamkorlik bo'yicha kelishuv imzolash masalalari ham muhokama qilindi.

Muzokaralar doirasida O'zbekiston farmatsevtika sohasi rivojlanishi bilan yaqindan tanishish uchun Afg'oniston Islom Amirligi Oziq-ovqat va dori-darmon milliy idorasi raisi doktor Abdul Bori Umar O'zbekistonga taklif qilindi.

Shuningdek, Afg'oniston tomoni O'zbekiston korxonalari ishlab chiqargan farmatsevtika mahsulotlarini ro'yxatdan o'tkazish masalalari, O'zbekiston ishlab chiqaruvchilari va davlat korxonalari Afg'oniston tenderlarida ishtirok etishi yuzasidan muammolar yo'qligi, mamlakatlar tadbirkorlari bilan o'zaro hamkorlikni rivojlantirish borasida barcha zarur choralar ko'rilishi masalalariga alohida to'xtaldi.

Muzokaralar yakunida O'zbekiston va Afg'oniston Islom davlatining texnik ishchi guruhi tuzilishiga oid taklif qo'llab-quvvatlandi va uning tarkibini tez kunlarda tasdiqlash hamda taqdim etishga kelishib olindi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech