O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

O‘zbekiston va Isroil o‘rtasida farmatsevtika sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘llari muhokama qilindi

Joriy yilning 6 iyul sanasida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida O‘zbekistonning Isroildagi faxriy konsuli Svi Sari xonim bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda Isroilning yirik kompaniyalari bilan yangi sarmoyaviy loyihalar yaratish hamda yurtimizdagi dorixonalarning dori vositalari chakana savdosi faoliyatida Isroil nazorat tartibi tajribasini o‘rganish masalalari xususida so‘z yuritildi.

Uchrashuv davomida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktorining o‘rinbosari Jamshid Eshmuradov O‘zbekiston va Isroil o‘rtasida farmatsevtika sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni mutahkamlash, Isroilning yetakchi farmatsevtika kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilishda hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz bilan birgalikda pudrat ishlab chiqarishni amalga oshirishni yo‘lga qo‘yishda Agentlik o‘z vakolati doirasida yordamga tayyorligi taʼkidladi.

Shuningdek, faxriy konsul Svi Sari xonim Isroilning “Teva Pharmaceuticals” va “UniPharm” kompaniyalari vakillari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha onlayn muzokaralar tashkil etishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni kengaytirish nuqtai nazaridan doimiy asosda axborot almashishga kelishib oldilar.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28-29 iyun kunlari Isroilda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va o‘zbek farmkompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya vakillari O‘zbekiston — Isroil biznes forumi doirasida bir qator uchrashuvlarda ishtirok etishgandi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech