O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Ozishda yordam berishi aytilayotgan “FATZORB PLUS Natural Fat&Carbo Binder” mahsuloti yuzasidan rasmiy bayonot

Ortiqcha semizlik inson salomatligi uchun salbiy taʼsir ko‘rsatibgina qolmay, vaqtida oldi olinmasa og‘ir oqibatlarga olib kelishi shifokorlar tomonidan taʼkidlab kelinadi. Hozirgi vaqtda semizlik har qanday yoshda kuzatiladigan surunkali metabolik kasallik hisoblanib, tana vaznining asosan yog‘ to‘qimalari hisobiga ortishi sifatida namoyon bo‘ladi.

Ortiqcha vazndan qutilish, chiroyli qomatga ega bo‘lish uchun bir qancha tavsiyalar, sog‘lom turmush tarzi normalari shuningdek to‘g‘ri ovqatlanish qoidalari ishlab chiqilgan bo‘lishiga qaramay, ayrimlar oson va tez ozish uchun samarasi isbotlanmagan turli tabletkalar, biologik faol qo‘shimchalar qabul qilish evaziga o‘z salomatligiga putur yetkazmoqda.

SSV huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi “Cemirish, homiladorlikdan keyingi semirish va qorin osilishlari, ortiqcha ovqatlanish, garmonal buzilishlar ro‘y berganda ortiqcha vazn bilan kurashishning eng xavfsiz va samarali vositalaridan biri” deya internet tamoqlarida sotilayotgan “FATZORB PLUS Natural Fat&Carbo Binder” mahsulotidan ogoh bo‘lishga chaqiradi!!!

Tarkibi 100% tabiiy giyohlardan tayyorlangan, organizmga hech qanday zarari yo‘q mahsulotligi aytilib sotilayotgan ushbu mahsulot tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi sibutramin (!) moddasi borligini bilacizmi?

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi hududiga noqonuniy yo‘llar bilan kirib kelgan va ashyoviy dalil sifatida olingan “FATZORB PLUS Natural Fat&Carbo Binder” mahsuloti tarkibida (Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi xulosasiga ko‘ra) sibutramin moddasi mavjudligi aniqlangan.

Yuqoridagi holat bo‘yicha Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning “FATZORB PLUS Natural Fat&Carbo Binder” mahsulotining tarkibi va miqdorini qayta ekspertizadan o‘tkazish maqsadida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga (Respublika sud ekspertizasi markazi xulosasi ilova qilingan holda) yo‘llagan murojaatiga muvofiq, Agentlik huzuridagi Davlat markazida qayta laboratoriya tahlillari amalga oshirildi.

Davlat markazining Dori vositalari sifatini nazorat qilish va standartlashtirish laboratoriyasi eksperti xulosasidagi maʼlumotga ko‘ra, kapsulalarda sibutramin gidroxlorid monogidrat moddasi borligi aniqlandi.

Taʼkidlash joiz, sibutramin Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga solish to‘g‘risida”gi 818-son qarori (https://lex.uz/uz/docs/4532164) bilan tasdiqlangan Kuchli taʼsir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan. Lekin tarkibida sibutramin moddasi mavjud bo‘lgan “FATZORB PLUS Natural Fat&Carbo Binder” mahsuloti dori vositasi sifatida O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan. Shuningdek bu mahsulot SSVning Xavfsizlik parametrlari bo‘yicha ekspertizadan o‘tkazilgan biologik-aktiv ozuqa qo‘shimchalari (BFQ) ro‘yxatida ham mavjud emas!

Amaldagi tartibga ko‘ra, tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun qonunchiligimizda maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.

SSV huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning “FATZORB PLUS Natural Fat&Carbo Binder” mahsulotining tarkibi va miqdorini ekspertizadan o‘tkazish maqsadida yo‘llagan murojaatiga javoban tegishli ekpertiza xulosalarini taqdim qilganligini maʼlum qiladi.

Hurmatli yurtdoshlar, o‘z salomatligingizga beeʼtibor bo‘lmang!

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech