O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibayev boshchiligidagi delegatsiya Janubiy Koreyada bo‘lib turibdi

Delegatsiya tarkibidan yurtimiz sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosarlari Ulug‘bek Sabirov va Abdulla Azizov, qurilish vaziri o‘rinbosari Nasrulla Boboyev, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyev, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Mirzag‘olib Tillashayxov joy olgan.

Tashrifdan ko‘zlangan maqsad — saraton kasalligini davolash bo‘yicha Janubiy Koreyaning eng ilg‘or amaliyotlarini o‘rganish, ushbu mamlakatdagi sheriklar bilan sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish, shuningdek, maxsus saraton shifoxonalari va markazlarini qurish yuzasidan tajriba almashishdan iborat.

O‘zbekiston delegatsiyasi «Osong Bio-Valley» loyihasini amalga oshiruvchi “Osong” jamg‘armasi faoliyati bilan tanishdi. Jamg‘arma rahbari Cha Sang Xun bilan uchrashuvda «Tashkent Pharma Park» va «Osong Bio-Valley» farmatsevtika klasterlari o‘rtasida tajriba almashish va texnologiyalar, qo‘shma tadqiqotlar, yuqori malakali kadrlar tayyorlash, zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish, sanoat ishlab chiqarishini yaratish sohalarida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashildi.

Safar chog‘ida Janubiy Koreya tomoni biotexnologiya, yangi farmatsevtika, biotibbiyot preparatlari ishlab chiqarish, tibbiy asbob-uskunalari va hayvonlar laboratoriyasi sohasida o‘quv markazlarini barpo etish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Mazkur markazlar rahbarlari o‘z faoliyatlari, jumladan, Janubiy Koreyadagi yetakchi oliy taʼlim muassasalari, farmatsevtika va ilmiy-tadqiqot kompaniyalari, shuningdek, davlat idoralari bilan o‘zaro hamkorlik haqida batafsil maʼlumot berdi.

Tomonlar O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi va tegishli tashkilotlar bilan yaqin va uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Muzokaralar natijasida hamkorlikka oid ikki tomonlama hujjatni imkon qadar tez muddatda ishlab chiqish, o‘zbekistonlik mutaxassis hamda menejerlarni malaka oshirish va tajriba almashish uchun “Osong” fondiga taklif etish, shuningdek, «Tashkent Pharma Park» farmatsevtika klasterining Toshkent viloyatidagi filiali faoliyatini Janubiy Koreya mezonlariga muvofiq holda tashkil etish yuzasidan o‘zaro kelishuvga erishildi.

Manba: “Dunyo” AA.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech