O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Troll.uz kanalida joylangan “Shifokor yozib bergan retseptdagi dori emas boshqa dori vositasi berilgani” haqidagi post yuzasidan rasmiy munosabat

Joriy yilning 2021 yil 16 aprel sanasida Troll.uz telegram kanalida quyidagi mazmundagi post joylandi: "Umid, salom! Shifokor menga retsept yozib bergandi. Ularning orasida “Suprastin” ham bor. Men turmush o‘rtog‘imdan dorixonaga borishni iltimos qildim. “Suprastin” o‘rniga unga “Supralgin” berildi. Haliyam  menga sotib olishdan oldin fotosuratini yubordi. Aynan “Suprastin” olgin dedim. Keyin dorini almashtirib berishdi. Rasmlarini ilova qilyapman. Bir dori o‘rniga boshqa dori sotishlari qanchalik to‘g‘ri?

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi mazkur vaziyat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi.

O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 4 yanvarda tasdiqlangan "Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida"gi Qonuninining 20-moddasida dori vositalarini chakana realizatsiya qilish O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shakldagi retseptlar bo‘yicha yoki tasdiqlangan Retseptsiz beriladigan dori vositalarining ro‘yxatiga ko‘ra retseptsiz amalga oshirilishi belgilangan.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 6 apreldagi 185-son Qarori  bilan tasdiqlangan, "Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risida"gi nizomga muvofiq Dori vositasi va tibbiy buyumni berish paytida dorixonaning farmatsevtik maʼlumotga ega bo‘lgan xodimi dori vositasi va tibbiy buyumni sotib oluvchiga dori vositasi va tibbiy buyumni qo‘llash tartibi, xususan, qo‘llash davriyligi, bir marotabalik va sutkalik dozalari, qo‘llash usuli, saqlash tartibi, yaroqlilik muddati va boshqalar haqida maʼlumot berishi lozimligi belgilangan.

Troll.uz telegram kanalida eʼlon qilingan postdagi dori vositalariga kelsak, mazkur vaziyatda dorixona xodimini boshqa dori vositasini tavsiya qilganda ayblash noo‘rin. Sababi “Suprastin” va “Supralgin” dori vositalarining savdo nomi turli, lekin taʼsir etuvchi moddasi bir xil yaʼni “xloropiramin” hisoblanadi. (retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxati  (ro‘yxat raqami 3200-son 06.12.2019)da 182-o‘rinda)

Bu vaziyatda bemor o‘z moliyaviy holatidan kelib chiqib o‘zi istagan dori vositasini xarid qilishi va xavotirga tushmasligini  bildiramiz. Chunki har bir dori vositasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan sifat jihatidan, taʼsiri va bezararlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha barcha mezonlarga javob bergan hollardagina tibbiyot amaliyotida qo‘llashga ruxsat etiladi.

Hurmatli yurtdoshlar!

Farmatsevtika sohasiga oid Sizni qiziqtirgan savollar, taklif va mulohazalar bo‘lsa, shaxsingiz haqidagi maʼlumotlarni ilova qilgan holda telegramdagi quyidagi @uzpharmagency_bot manzilimiz orqali murojaat etishingiz mumkin.

Albatta, har bir murojaatga eʼtibor qaratilishi, tegishli mutaxassislar tomonidan javoblar berilishi taʼminlanadi.

Biz bilan bog‘lanish: (71) 203-81-81

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech