O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Oʻzbekiston farmatsevtika sohasida Xitoy bilan hamkorligini kengaytirmoqda

Oʻzbekiston farmatsevtika sohasida Xitoy bilan hamkorligini kengaytirmoqda

Sir emas, Oʻzbekiston farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish, xususan xalqimizga sifatli dori vositalari hamda tibbiy buyumlarni yetkazib berish, import va eksportni qulay sharoitda tashkil qilish borasida dunyoning koʻplab davlatlari bilan samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻygan.

Kuni kecha mazkur hamkorlik doirasida Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi hamda Xitoy xalq respublikasining bir guruh farmatsevtika kompaniyalari vakillari oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Farmatsevtika bozorini o'rganish, yurtimiz mahalliy tibbiyot mahsulotlari eksport salohiyatini oshirish boʻyicha tashkil etilgan mazkur uchrashuv agentlik direktori Ulug'bek Egamovning yurtimizda soha rivoji yoʻlida yaratilgan imkoniyatlar hamda farmatsevtikamizning istiqbollari haqidagi taqdimoti bilan boshlandi. So'ngra faoliyati dori vositalari hamda tibbiy buyumlarni import va eksport qilishga yoʻnaltirilgan Xitoy savdo palatasi (CCCMHPIE) vakillari bilan muzokaralar olib borildi.

Maʼlumot uchun: 1989-yil tashkil topgan CCCMHPIE Xitoyning farmatsevtika sohasida xalqaro savdo va hamkorlikni rivojlantirish bilan shugʻullanuvchi eng yirik va ishonchli milliy sanoat assotsiatsiyasi hisoblanadi. Tashkilot 2400 dan ortiq korporatsiyani, jumladan, Xitoyning farmatsevtika va tibbiy mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi hamda sotuvchi yirik kompaniyalarni birlashtirgan. Bundan tashqari, CCCMHPIE anʼanaviy xitoy tibbiyoti (TCM), tibbiy buyum va uskunalar, biofarmatsevtika preparatlari, funksional kosmetika va sogʻliq uchun foydali mahsulotlarni ham oʻz ichiga oladi.

Uchrashuv doirasida, shuningdek, agentlik vakillari Xitoyning “China Meheco Group Co., Ltd” korxonasi bilan ham istiqbolli aloqalarni oʻrnatdi.

Maʼlumot uchun: Inson salomatligini mustahkamlash va farmatsevtika sanoatini rivojlantirish bilan shugʻullanuvchi “China Meheco Group Co., Ltd” korxonasi taʼminot zanjirini muvofiqlashtirishda foydalanadigan tarqatish tizimini yaratgan. Taʼkidlash darkorki, ushbu tashkilot Pekin, Guangdong, Jiangsu, Xubey, Xenan, Xebey, Liaoning, Xeilongszyan va Shinjon kabi muhim shahar va viloyatlarni qamrab olgan milliy savdo tarmogʻini yaratib, sotish kanallarini tuzgan. Xalqaro savdoda yetakchi oʻrinni egallagan korxona hukumat loyihalarida ham alohida vakolatga ega.

Uchrashuv davomida Xitoyning vaksinani tadqiq qilish, ishlab chiqarish hamda tarqatishga ixtisoslashgan “Beijing Yiyuanli Biotechnology Co., Ltd.” zamonaviy biotexnologiya korxonasi bilan ham hamkorlik aloqalari oʻrnatildi.

Tomonlar tadbir soʻnggida aholini xavfsiz, barqaror va arzon dori mahsulotlari bilan taʼminlash, immunizatsiya qamrovini kengaytirish, yuqumli kasalliklar va oʻlim holatlarini kamaytirish, odamlar salomatligini muhofaza qilish borasida oʻzlarini qiziqtirgan koʻplab savollarga javoblar olishdi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech