O‘zbekiston – Tojikiston biznes-forumi va ikki mamlakat ishbilarmonlarining B2B shaklidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
Kecha 1 iyun kuni poytaxtimizning Hilton mehmonxonasida O‘zbekiston – Tojikiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Ikki davlat vazirlik va idoralari, biznes doiralari hamda sanoat birlashmalari vakillaridan iborat 200 dan ziyod ishbilarmon ishtirok etgan anjumanda savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy hamkorlikning bugungi holati va istiqboli muhokama qilindi.
Forumda tomonlar delegatsiyalariga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va Tojikiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Davlatali Said boshchilik qildi.
Ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari iqtisodiy munosabatni kengaytirish, yuqori texnologiyali qo‘shma ishlab chiqarish obyektlarini yaratish, yuqori talabga ega bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish va bozorga yetkazib berish bo‘yicha kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish uchun ulkan imkoniyat mavjudligini qayd etdi.
Biznes-forumda ikki mamlakatning o‘zaro hamkorlikni yana-da rivojlantirishga qaratilgan taqdimotlari namoyish etildi.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Egamov qatnashdi. Biznes forum doirasida ikki mamalakat farmatsevtika ishbilarmon doira vakillari ham V2V formatdagi uchrashuvlarda hamkorlik muzokaralarini olib bordilar. Xususan, farmatsevtika sohasida o‘zaro hamkorlikni yana-da kengaytirishga qaratilgan uch tomonlama shartnoma Tojikistonning “Cof Farm” MCHJ O‘zbekistonning “Merrymed Farm” MCHJ korxonalari hamda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi o‘rtasida imzolandi.
Mazkur bitim qardosh mamlakatda 2 million AQSH dollariga teng farmatsevtika mahsulotlarini “in bulk” tarzda ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishni ko‘zda tutadi.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati