O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

O‘zbekiston farmatsevtika bozoriga nufuzli xorijiy kompaniyalarni jalb etish, investitsiyalar hajmini oshirish maqsadida, kafolatli xarid qilish mexanizmini takomillashtirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-oktyabrdagi PF‒168-son Farmoni qabul qilindi.

O‘zbekiston farmatsevtika bozoriga nufuzli xorijiy kompaniyalarni jalb etish, investitsiyalar hajmini oshirish maqsadida, kafolatli xarid qilish mexanizmini takomillashtirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
2023-yil 12-oktyabrdagi PF‒168-son Farmoni qabul qilindi.

Farmonga asosan, 2024-yil 1-yanvardan farmatsevtika mahsulotlari xaridlariga ajratilishi rejalashtirilgan Davlat byudjeti mablag‘lari doirasida mahalliylashtiriladigan farmatsevtika mahsulotlarini o‘n yilgacha bo‘lgan muddatga shartnoma tuzish orqali kafolatli xarid qilish mexanizmini joriy etish belgilandi. Bunda, birinchi navbatda mahsulot sifati, samarasi va bezararligi isbotlangandan so‘ng kafolatli xarid qilish shartnomalari tuziladi hamda moliyalashtiriladi.

Kafolatli xarid qilish tartibi 2022-yil joriy qilingan bo‘lsa, dastlab shartnomalarni tuzish muddati 3 yil qilib belgilangan edi. Amaliyot shuni ko‘rsatdiki, uch yil muddat uchun kafolatli xarid qilish asosida davlatga farmatsevtika mahsulotlarini yetkazib berish, mahsulotni mahalliylashtirishga sarf qilingan muddat va mablag‘lar o‘zini oqlamaydi.

Dunyo tajribasida kafolatli xarid shartnomalarining muddati 10 yilga qadar  tuziladi. Mahalliylashtiriladigan farmatsevtika mahsulotlari dastlab klinik sinovlardan o‘tkaziladi. Sinov natijalari ijobiy bo‘lgan taqdirda, mahsulotlar davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi hamda sertifikatlashtiriladi. Bu jarayonlar ma’lum vaqtni talab etadi. Shundan kelib chiqib, Prezident Farmoni bilan ushbu tizim takomillashtirilmoqda.

Farmonda kafolatli shartnomalarni tuzish tartibi va ketma-ketligi aniq belgilab berildi. Bunda:

- Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan dori vositalariga bo‘lgan talab ishlab chiqiladi va Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish bo‘yicha komissiyaga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi.

- Bosh vazir o‘rinbosari J.Xodjayev boshchiligidagi komissiya tomonidan avval respublika hududida ishlab chiqarilmagan, istiqbolda mahalliylashtiriladigan substansiyalar, dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar ro‘yxati tasdiqlanadi;

- farmatsevtika mahsulotlari ro‘yxati Davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalida, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining internet saytlarida joylashtiriladi;

- ro‘yxat talab va ehtiyojdan kelib chiqib, doimiy ravishda yangilanib boriladi;

- Komissiya huzurida vazirlik va idoralardan, sohaning yetuk mutaxassislaridan iborat Ishchi guruhi tashkil etilib, ehtiyoj asosida texnik topshiriqlar ishlab chiqiladi;

- texnik topshiriqlar asosida kafolatli xarid qilish shartnomalarini imzolash uchun g‘oliblar ochiq tanlovlar orqali aniqlanadi.

Farmonning qabul qilinishi:

birinchidan, aholini sifatli va arzon farmatsevtika mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash imkonini beradi;

ikkinchidan, Rossiya, Turkiya, AQSH va Yevropa davlatlaridagi nufuzli kompaniyalar O‘zbekiston bozoriga jalb etiladi;

uchinchidan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmagan dori vositalarini o‘zlashtirish imkoniyati yaratiladi;

to‘rtinchidan, import optimallashtirilib, mahalliylashtirish darajasi oshiriladi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech