O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Xorijdan yuborilgan pochta jo‘natmalari orasida sifati kafolatlanmagan dori vositalari borligi aniqlandi

Sifati kafolatlanmagan dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi bojxona organlari tomonidan tizimli ravishda kurash olib borilmoqda.

Jumladan, “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining “Aviayuklar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari xorijdan yurtimizga keltirilgan pochta jo‘natmalarini o‘rnatilgan tartibda “Rapiscan” rentgen apparati yordamida bojxona ko‘rigidan o‘tkazishdi.

Tekshiruv davomida 18 nafar fuqarolar nomiga yuborilgan pochta jo‘natmalari orasida tegishli bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan umumiy qiymati 67 million so‘mlik 333 quti sifati kafolatlanmagan dori vositalari borligi aniqlandi.

Mazkur dori vositalari O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 167-moddasiga binoan yuk kuzatuvchi yaʼni tijorat hujjatlarida to‘liq ko‘rsatilishi kerak edi. Ammo, hujjatlarda aks ettirilgan maʼlumotlar va tovarlar o‘rtasida nomuvofiqlik bo‘lganligi sababli ular shaxsiy extiyoj uchun emas, aksincha tijorat maqsadida olib kirilgan deb topildi va hozirda ushbu dori vositalari “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tomonidan vaqtincha saqlovga olinib, tergovga qadar tekshiruv xarakatlari olib borilmoqda.

Taʼkidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 8 iyun 2016 yildagi 191-sonli qaroriga muvofiq jismoniy shaxslar tomonidan yashash yoki bo‘lish mamlakati tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan hujjat taqdim etilmasdan, shaxsiy foydalanish uchun turli nomdagi 10 tagacha dori preparatlaridan iborat dori vositalari va ularning har biri uchun 5 o‘ramdan ortiq bo‘lmagan dori vositalari olib kirilishi va olib chiqilishi mumkin.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech