O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

“Zarur distribyutorlik amaliyoti” GDP talablarini joriy qilmagan farmatsevtika korxonalari faoliyati qonunga zid hisoblanadi

Ma’lumki, Farmatsevtika yo‘nalishida distribyutor korxonalarga “Zarur distribyutorlik amaliyoti” qoidalari (GDP) standartini joriy etish ishlarini jadallashtirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 23 yanvardagi “Farmatsevtika sohasini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–20-son Farmon bilan farmatsevtika mahsulotlarini ulgurji sotish bilan shug‘ullanuvchi barcha mahalliy korxonalar “Zarur distribyutorlik amaliyoti” (GDP) milliy talablariga muvofiq 2024 yil 1 iyulga qadar majburiy sertifikatlash zarurligi belgilangan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali, ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida yagona nizomga qo‘shimcha kiritildi. Unga muvofiq, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi qoshidagi “Zarur amaliyotlar markazi” DM farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash jarayonida kelishiladigan organlar ro‘yxatiga kiritildi. Bu orqali, farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ishlab chiqarish, ulgurji va chakana (dorixonlar) tashkilotlar litsenziya olishdan avval majburiy ravishda tegishliligi bo‘yicha GxP sertifikatini olish belgilandi.

Mazkur normativ hujjatlar mazmun-mohiyatini sohada faoliyat yuritayotgan distribyutor korxona vakillariga bevosita uchrashuv va davra suhbatlari, VKA yordamida doimiy onlayn muloqot, OAV orqali videoroliklar GDP sertifikatlarini 2024 yilning 1 iyulga qadar joriy etilishi, aks holda amalga oshirayotgan faoliyat to‘xtatilishi haqidagi talablari yetkazildi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida 2024 yil 1 yanvarga qadar faoliyat yuritayotgan ulgurji korxonalarning 31 tasida GDP sertifikati mavjud bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda 240 ta korxonada GDP sertifikati joriy etildi.

Bugungi kunda, “Zarur distribyutorlik amaliyoti” (GDP) joriy etilgan korxonalar, Respublikada farmatsevtika mahsulotlari, dori vositalari va tibbiy buyumlar yetkazib berish qamrovini deyarli 90% egallamoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni talablariga zid holda, bugungi kunda o‘z ish faoliyatida “Zarur distribyutorlik amaliyoti” (GDP) talablarini joriy qilmagan farmatsevtika mahsulotlarini ulgurji sotish bilan shug‘ullanuvchi korxonalar faoliyati qonunga zid ekanligini bildiramiz.

“Zarur distribyutorlik amaliyoti” (GDP) joriy etilgan korxonalar ro‘yxatini mazkur havola orqali ko‘rishingiz mumkin. Ro‘yxatda mavjud bo‘lmagan “Zarur distribyutorlik amaliyoti” (GDP) talablarini joriy etmagan korxonalar faoliyati noqonuniy hisoblanadi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech