«Farmatsevtika sanoatining hozirgi kundagi holati: muammolar va istiqbollar» konferensiyasi
Maʼlumki, 2019 yil 27 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda yoshlar bilan uchrashdi va uning davomida davlat idoralari bilan xalq, ayniqsa yoshlar bilan muloqotni rivojlantirish, yoshlarning fuqarolik pozitsiyasini oshirish va yoshlarning har tomonlama rivojlanishiga qaratilgan bir qator vazifalarni belgilab berdi.
Mazkur vazifalarni bajarish maqsadida joriy yilning 27 yanvar kuni Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan Toshkent davlat farmatsevtika institutida talabalar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Yig‘ilishni ochib bergan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Nozim Berdiyev davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Xarakatlar strategiyasi va uning doirasida mamlakatda ro‘y berayotgan ulkan ijobiy o‘zgarishlar, shuningdek, Prezidentning yaqinda Oliy Majlisga qilgan murojaatida respublikaning ilmiy salohiyatini rivojlantirish va yosh avlodni yuqori maʼlumotli va har tomonlama yetuk shaxslar qilib tarbiyalash muhimligi qayd etildi.
Anjuman davomida Farmatsevtika agentligining eksport masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi, “Yoshlar ittifoqi” yetakchisi Sharofiddin Mirxayitov “Yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida maʼruza qildi.Uning doirasida mamlakatda normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq amalga oshirilayotgan tizimli ishlari borasida maʼlumot taqdim etildi.
Tadbir so‘nggida mutaxassislar yoshlar bilan ochiq muloqot o‘rnatib, farmatsevtika sohasidagi yangi innovatsion dasturlar, yangi qonun loyihalari borasidagi fikr-mulohazalarini ulashdilar.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Nozim Berdiyev, agentlik mutaxassislari Aziz Do‘stmatov va Muhabbat Ibragimova talabalarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berdilar.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish Agentligi Matbuot xizmati