O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Nega ayrim shifokorlar reseptlarni umuman tushunarsiz va "gajak" qilib yozadi? Reseptdagi yozuvlarni faqat "dorixona"chi tushunishini hisobga olsak bu o‘zaro hamkorlik qilish uchunmi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 6 sentyabrdagi 4438-son qaroriga muvofiq, mulkchilik shakli va idoraviy mansubligidan qatʼi nazar tibbiyot tashkilotlarida bemorga retseptli dori vositalarini belgilangan tartibda retseptni rasmiylashtirmasdan tayinlash taqiqlanadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining 121-son (ro‘yxat raqami 3277-son 01.07.2020) buyrug‘iga muvofiq, retseptda shifokorning farmatsevt xodimga dori vositasining xalqaro patentlanmagan nomi, tarkibi, shakli, uni tayyorlash va berish haqidagi yozma ko‘rsatmasi lotin tilida, dori vositalarini qo‘llash usuli esa davlat tilida ko‘rsatilishi shart.

Zarur hollarda malakali tarjimani taʼminlagan holda bemor tushunadigan boshqa tilda yozilishi lozim. Retseptda «Ichish uchun», “Maʼlum”, «Qoida tariqasida» va boshqa shu kabi qisqartma so‘zlardan foydalanish man etiladi.

Retseptda ko‘rsatilgan maʼlumotlar aniq va tushunarli tarzda to‘ldirilishi, unda o‘chirish va tuzatishlarga yo‘l qo‘yilmasligi lozim.

Retseptda tayinlangan dori vositasi bo‘yicha tushunmovchilik kelib chiqqan hollarda, retseptda ko‘rsatilgan shifokorning telefon raqami orqali shifokor bilan bog‘lanib aniqlik kiritilishi mumkin. Retseptda bitta dori vositasi yoziladi. Ruxsat etilgan asosiy retseptura qisqartmalaridan foydalanilishi mumkin. Retsept bemorni davolanishi uchun kerakli miqdorda beriladi. Kattiq va sochiluvchan dori moddalari grammlarda (0,001; 0,5; 1,0), suyuq dori moddalarining miqdori millilitr, tomchilarda ko‘rsatiladi. Retsept shifokor imzosi uning shaxsiy muhri bilan tasdiqlanadi.

Dori vositalari berilgandan keyin retsept dorixonada qoldiriladi, retsept yirtma koreshoglari rasmiylashtirib beriladi.

Davolovchi shifokor tomonidan qanday holatlarda dori vositalariga retsept rasmiylashtirilishi taʼqiqlanishi haqida bu yerda o‘qishingiz mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 1 iyuldan barcha tibbiyot tashkilotlarida bemorga majburiy tartibda xalqaro patentlanmagan nom bo‘yicha retsept yozilishi lozim.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech