O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

“Avicenna’s Heritage” tanlovi

“Avicenna’s Heritage” tanlovi

“Avicenna‘s Heritage” tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida Nizom

1 bob. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom har yili dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qo‘llashni targ‘ib qilish bo‘yicha  “Avicenna‘s Heritage” tanlovini (keyingi o‘rinlarda – tanlov deb yuritiladi) tashkil etish va o‘tkazish tartibini, tanlovning asosiy shartlarini belgilaydi.

2. Tanlov Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamkorligida tashkil etiladi va o‘tkaziladi.

3. Tanlovning asosiy maqsadi – Dorivor o‘simliklarning foydali xususiyatlarini, dorivor o‘simliklar va ulardan ishlab chiqilgan mahsulotlarning tibbiy ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazishdan iborat.

4. Tanlov yakunlarini belgilash va g‘oliblarni aniqlash “Avicenna‘s Heritage” tanlovini o‘tkazish bo‘yicha komissiya tomonidan amalga oshiriladi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati komissiya ishchi organi hisoblanadi.

5. Matbuot xizmati tanlov to‘g‘risidagi eʼlon va uning shartlarini Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi veb-saytida va boshqa manbalarda joylashtiradi.

2 bob. Tanlov nominatsiyalari

6. Tanlov quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkaziladi:

Eng yaxshi teleko‘rsatuv (Dorivor limono‘t, Turkiston arslonquyrug‘i, Samarqand bo‘znochi, Sariq andiz o‘simliklar mavzusida)
Eng yaxshi rolik (Aleksandriya sanosi, Uch bo‘lakli ittikanak, Oq karrak, Qora sedona o‘simliklar mavzusida)
Eng yaxshi dudl video (Qovoq urug‘i, Temirtikan, Steviya, Katta zubturum o‘simliklar mavzusida)

7. Tanlovga taqdim etilgan videoroliklar davomiyligi 3 daqiqadan 5 daqiqagacha bo‘lishi mumkin. Videomahsulotlar dolzarblik, haqqoniylik, xolislik, taʼsirchanlik, tushunarlilik va kreativlik mezonlari asosida maxsus komissiya tomonidan baholanadi.


8. Videomahsulotlarda quyidagilardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi:
Internet telekommunikatsiya tarmog‘idan olingan grafika, video va fotosuratli materiallar;
shahvoniy hirs uyg‘otuvchi sahnalar va (yoki) zo‘ravonlik, buzg‘unchilik sahnalari, shuningdek odamlar va hayvonlarning jismoniy azoblanishini aks ettiruvchi sahnalari bo‘lgan lavhalar;
qo‘rqinchli, stressli hissiyotlar va hayajonlarni ko‘rsatuvchi matnlar, sahnalar, ovozli effektlari.

9. Videoroliklar va ularning qismiga nisbatan mualliflik huquqi va turdosh huquqlari himoya qilingan va/yoki himoya qilish bo‘yicha uchinchi shaxslarning daʼvolari bo‘lmagan, shuningdek, videoroliklarda foydalanilgan axborotlarning ishonchliligi bilan birga, shaʼn, qadr-qimmat va ishbilarmonlik obro‘si himoya qilinganligi bo‘yicha daʼvolar mavjud emasligi kafolatlangan bo‘lishi kerak.

10. Videoroliklar tanlagan nominatsiya bo‘yicha o‘zbek tilida taqdim etiladi.

11. Tanlovda bir yoki bir nechta (ijodiy guruh) muallif ishtirok etishi mumkin.

12. Tanlovga taqdim etiladigan ijodiy ishlar soni 1 tadan ko‘p bo‘lmasligi lozim.

13. Tanlovga mobil qurilmalar (planshet, telefon va hokazo) orqali tayyorlagan videoroliklar ham taqdim etilishi mumkin.

3 bob. Tanlovni o‘tkazish

14. Tanlovda qatnashish uchun videoroliklar tanlangan nominatsiyalar bo‘yicha har yili 20 noyabrdan 25 noyabrga qadar (o‘sha kuni ham) qabul qilinadi.

15. Videoroliklar Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati tomonidan qabul qilib olinadi.

Videoroliklar https://t.me/tanlovdorivorbot telegram-botiga ham yuborilishi mumkin.

Shuningdek, disk va boshqa axborot tashuvchi moslamalarga yozilgan videoroliklar – Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (Toshkent shahri, Chingiz Aytmatov ko‘chasi, 1A uy) manzilida qabul qilib olinadi.

16. Tanlovga taqdim etilgan videoroliklarga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi lozim:

muallif (F.I.Sh.) va uning faoliyati to‘g‘risidagi qisqacha maʼlumot;
muallifning pasporti/ID karta seriyasi va raqami;
muallifning manzili va telefon raqami.

17. Tanlovga qabul qilingan videoroliklar va hujjatlar muallifga qaytarilmaydi.

18. Tanlovga taqdim etilgan videoroliklar 1 noyabrdan 25 noyabrga qadar elektron OAVda, teleradiokanallarda yoki shaxsiy blogda eʼlon qilingan bo‘lishi kekrak.

19. Komissiya tanlovga taqdim etilgan videomahsulotlarni 1 dekabrga qadar ko‘rib chiqadi va baholash mezonlari asosida har bir nominatsiya bo‘yicha 1-, 2-, 3-o‘rinlarga sazovor g‘oliblar va sovrindorlarni aniqlaydi.

20. Baholash quyidagi mezonlarga asosan amalga oshiriladi:

tanlovga qo‘yilgan ishi (tugallangan ish) – 20 ball;
yuborilgan material mavzusiga xosligi – 20 ball;
mavzuning mazmun-mohiyati to‘laqonli ochib berilganligi – 20 ball;
mavzuni yoritishda zamonaviy va innovatsion g‘oyalarni qo‘llanilganlik darajasi – 20 ball;
mavzuni yoritishga o‘ziga xos ijodkorlik xususiyatlari ifoda etilganligi – 20 ball.

21. Baholash mezonlari bo‘yicha umumiy ballar qo‘shib hisoblanganda eng yuqori ko‘rsatkichga erishgan ishtirokchilar tanlov g‘olibi deb topiladi.

22. Har bir nominatsiya bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar quyidagi mukofotlar bilan taqdirlanadi:

1-o‘rin uchun – noutbuk;
2-o‘rin uchun – planshet;
3-o‘rin uchun – televizor.

Bundan tashqari, g‘olib va sovrindorlarga maxsus diplom va guldastalar topshiriladi.

23. Tanlov g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi tantanali ravishda o‘tkaziladi.

4 bob. Moliyaviy taʼminot

24. Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish hamda tanlovda g‘olib va sovrindor ishtirokchilarga mukofotlarni berish Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech