O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Tashkil etish tarixi

Tashkil etish tarixi

2019 Iyul

Farmatsevtika tarmogʼini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyev 12-iyul, juma kuni boʼlib oʼtgan matbuot anjumanida farmatsevtika klasteri yaratilishini eʼlon qildi.

Klaster Toshkent yaqinida 50-60 gektar maydonda joylashgan boʼladi. U yerda, sohada talab qilinadigan kadrlarni, masalan, biotexnologlar, mikrobiologlar, toksikologlarni tayyorlaydigan yangi farmatsevtika instituti boʼladi. Institut xorijiy universitet bilan birgalikda uning tajribasini oʼrganish maqsadida tuziladi.

Shuningdek, dori vositalari sifatini nazorat qilishni taʼminlaydigan Dori vositalari ekspertiza va standartlashtirish markazini ham bu yerga koʼchirish rejalashtirilgan.

Agentlik direktori Kariyev taʼkidlaganidek, farmatsevtika klasteri hududida respublika boʼylab har xil hududlarda joylashgan ilmiy institutlarni bir joyda joylashtirish, ular uchun yangi bino qurish va uni ilmiy xodimlartomonidan original dori vositalari ishlab chiqilishi uchun jihozlash koʼzda tutilgan. Shunday qilib, bir hududning oʼzida kadrlar tayyorlanadigan universitet, sifatni nazorat qilish markazi va yaqin atrofda dori moddalarni ishlab chiqarish institutlari mavjud boʼladi. Xuddi shu hududda mahalliy kompaniyalar zavodlar qurishi mumkin boʼlgan sanoat zonasi boʼladi.

2019 Avgust

 

12 avgustdan 16 avgustgacha boʼlgan davrda Osong, Inchon shaharlarida biznes-forum doirasida Oʼzbekiston delegatsiyasining Koreya Respublikasiga tashrifi tashkil etildi. Oʼzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʼrinbosari L.Sh. Qudratov boshchiligida farmatsevtika sohasida strategik sheriklikni rivojlantirish boʼyicha ishchi guruhning birinchi yigʼilishini oʼtkazish masalasi kelishib olindi, unda ikki mamlakat sogʼliqni saqlash vazirliklari oʼrtasida bitim imzolanishi va Toshkent viloyatida farmatsevtika klasterini rivojlantirish boʼyicha ikkitomnlama yoʼl xaritasi qabul qilinishi rejalashtirildi.

 

19-26 avgust kunlari Koreya Respublikasining Tibbiy innovatsion jamgʼarmasi (KBIOHealth) direktori boshchiligidagi mutaxassislar delegatsiyasi Oʼzbekistonga tashrif buyurdi. Delegatsiyaning tashrifi Oʼzbekiston Respublikasi Sogʼliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʼni rivojlantirish agentligi tomonidan Koreya Respublikasi Sogʼliqni saqlash va ijtimoiy taʼminot vazirligi bilan birgalikda tashkil etildi. Tashrifning maqsadi Oʼzbekiston Respublikasi hududida innovatsion farmatsevtika klasterini yaratish masalasini oʼrganish edi.

Taʼkidlash joizki, Koreya tomoni ushbu loyihani amalga oshirishda strategik sherik sifatida belgilandi va Oʼzbekiston Respublikasi Sogʼliqni saqlash vazirligi hamda Osong Tibbiy innovatsion jamgʼarmasi (KBIOHealth) oʼrtasidagi oʼzaro anglashuv memorandumi asosida Koreyaning Osong shahrida farmatsevtika klasterini yaratish boʼyicha kompaniyaning muvaffaqiyatli tajribasi Oʼzbekistonda ham qoʼllaniladi.

2020 Aprel

 

17 aprel kuni videoanjuman orqali Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev tomonidan Toshkent viloyatining Zangiota tumanida “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini qurilishiga start berildi.

2020 May

 

6 may kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʼrinbosari S.Oʼ. Umurzoqov va Koreya Respublikasi Bosh vazir oʼrinbosari-iqtisodiyot va moliya vaziri Xong Nam-Ki ishtirokida videokonferensiya oʼtkazildi.

Muhokama kun tartibiga oliy darajadagi tashriflar yakuni bilan erishilgan ikki tomonlama kelishuvlar asosida investitsiya, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikning dolzarb masalalari va istiqbollari kiritildi.

Amalga oshiriladigan umumiy loyihalar va tashabbuslarni kechiktirish xavfini minimallashtirish maqsadida, mavjud iqtisodiy sharoitda tizimli ishlarni davom ettirish ustuvorligi taʼkidlanib, ikki mamlakat tashqi iqtisodiy idoralari vazirlarining oʼrinbosarlari boshchiligidagi Ishchi guruhi tomonidan investitsiya loyihalari tashabbuskorlariga manzilli yordam berishi va yuzaga keladigan muammolarni zudlik bilan hal qilishi belgilab oʼtildi.

Shu nuqtai nazardan, Toshkent viloyatida “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasterini yaratish loyihasini amalga oshirishni qoʼllab - quvvatlashga alohida eʼtibor qaratildi-Koreya tomoni klasterdagi qoʼshma loyihalarni amalga oshirish uchun yetakchi Koreya kompaniyalarini jalb qilish ishlarini kuchaytiradi, shuningdek, Koreya Eksimbanki tomonidan loyihaning bir qismini moliyalashtirishni jadallashtirish masalasi ishlab chiqiladi.

2020 Iyul

 

6 iyul kuni “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterining ilmiy-oʼquv komponentlarini yaratish” loyihasi (1-bosqich) uchun texnik-iqtisodiy asosni ishlab chiqish uchun Koreya Respublikasi Eksimbanki tomonidan “Chung-Ang” universiteti va “Aum&Lee Architects&Associates” qurilish kompaniyasi Koreya maslahatchilari konsorsiumi bilan shartnoma imzolandi.

 

8 iyul kuni Bosh vazir oʼrinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Oʼ. Umurzoqov boshchiligidagi Oʼzbekiston Hukumati delegatsiyasining Seulga tashrifi davrida Koreya Respublikasi Eksimbanki raisi Bang Mun-kyu bilan uchrashuv boʼlib oʼtdi. Uchrashuv ikki tomonlama loyihalarni amalga oshirish dinamikasi, shuningdek, Oʼzbekistonda bankning loyiha portfelini kengaytirish istiqbollarini muhokama qilishga bagʼishlandi.

Tomonlar 2019 yilda bank tomonidan tasdiqlangan bir qator loyihalar uchun kredit shartnomalari imzolanishini jadallashtirish boʼyicha ikki tomonlama ishni faollashtirishga oid kelishuvlar bilan bir qatorda, texnik-iqtisodiy asoslarni tayyorlash tartibini tezlashtirish, amalga oshirilayotgan loyihalar boʼyicha, shu jumladan, “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasterini yaratish doirasida qurilish ishlarini boshlash uchun maslahatchilar va pudratchilarni tanlab olish tartiblarini muhokama qildilar.

Shuningdek, Janubiy Koreya tomoni Oʼzbekiston bilan moliyaviy va texnikaviy hamkorlikni yana-da kengaytirishga qiziqish bildirdi va bunda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Koreya Respublikasining Eksimbanki huzuridagi EDCF jamgʼarmasi oʼrtasida imtiyozli moliyalashtirish dasturini 500 mln. dollardan 1 mlrd. dollargacha oshirishni nazarda tutuvchi 2021-2023 yillarga moʼljallangan iqtisodiy rivojlanish sohasidagi hamkorlik toʼgʼrisidagi shartnomani ishlab chiqadi.

2020 Sentyabr

 

31 avgust kuni Koreya maslahatchilari delegatsiyasi Oʼzbekiston Respublikasiga ilk tashrifi bilan keldi. 31 avgustdan 14 sentyabrgacha boʼlgan davrda “Chung-Ang” va “Aum&Lee Architects&Associates” koreya maslahatchilari konsorsiumi, bir qator masalalarni, xususan “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududida qurilish ishlariga oid masalalarni muhokama qilishni boshladilar. Tashrif davomida klasterning qurilish obyektlari va mamlakatning yetakchi farmatsevtika kompaniyalarining zavodlariga tashriflar uyushtirildi.

 

29 sentyabr kuni loyiha tashabbuskori, Oʼzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Koreya Eksimbankining Bosh ofisi mutaxassislari oʼrtasida loyiha amalga oshirilishini jadallashtirish boʼyicha onlayn muzokaralar boʼlib oʼtdi. Shuningdek, Koreya maslahatchilarining birinchi tashrifi yakunlari boʼyicha hal etilmagan masalalar muhokama qilindi.

2020 Oktyabr

 

12 oktyabrdan 26 oktyabrgacha boʼlgan davrda Koreya Eksimbanki maslahatchilarining ikkinchi tashrifi boʼlib oʼtdi. Ushbu tashrif davomida texnik-iqtisodiy asosning asosiy parametrlari, jumladan, barcha komponentlarning qurilish qiymati, hajmi, zarur asbob-uskunalar va inventarlarning roʼyxati va narxi kelishib olindi. Ikkinchi tashrif yakunlari boʼyicha tegishli Uchrashuv bayoni (Aide Memoire) imzolandi.

 

30 oktyabr kuni Seulda onlayn rejimda boʼlib oʼtgan sammitning Shimoliy iqtisodiy hamkorlikning ikkinchi xalqaro forumida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev tomonidan Janubiy Koreya kompaniyalari bilan vaksina va zardoblarni ishlab chiqish boʼyicha farmaklaster yaratish hamda yadroviy qurolsizlanish boʼyicha Xalqaro ekspert forumini oʼtkazish taklif etildi.

Davlat rahbari Koreya kompaniyalari bilan hamkorlikda yaratilgan farmatsevtika klasteri asosida kasalliklarni tez va aniq tashxislash uchuntizimlar, samarali vaksina va zardoblarni ishlab chiqish orqali birgalikda ishlashni davom ettirishni taklif qildi.

2021 Yanvar

 

10 yanvar kuni Oʼzbekiston Bosh vazir oʼrinbosari S.Oʼ. Umurzoqov boshchiligidagi Ishchi guruh Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida klasterning tarkibiy qismlari qurilishi, kommunikatsiyalar taʼminoti va infratuzilmasining amaliy masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda vazirlik va idoralar vakillari bilan bir qatorda klasterning sanoat zonasi hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirishi rejalashtirilgan Turkiya, Hindiston, Chexiya va boshqa mamlakatlarning xorijiy investorlari vakillari ham qatnashdilar.

 

25 yanvar kuni Oʼzbekiston Bosh vazir oʼrinbosari, Investitsiya va tashqi savdo vaziri S.Oʼ. Umurzoqov va Janubiy Koreya Bosh vazir oʼrinbosari, Iqtisodiyot va Moliya vaziri Xong Nam-ki bilan videokonferensiya formatida muzokaralari oʼtkazildi. Har ikki mamlakat Bosh vazirlari oʼrinbosarlari 2020-yilda oʼtkazilgan qoʼshma tadbirlar, shuningdek oliy darajadagi tashriflar yakuni bilan erishilgan ikki tomonlama kelishuvlar doirasida investitsiya, savdo-iqtisodiy, moliyaviy va texnik hamkorlik masalalari va istiqbollarini muhokama qildilar.

Alohida oʼrinda umumiy qiymati 1 mlrd. AQSH dollari boʼlgan Oʼzbekiston bilan hamkorlikning 2021-2023 yillarga moʼljallangan yangi dasturiga muvofiq Iqtisodiy rivojlanishga koʼmaklashish jamgʼarmasi (EDCF) bilan oʼzaro hamkorlik masalalari koʼrib chiqildi, Ushbu dastur doirasida ustuvor loyihalar, shuningdek, ikki tomonlama loyihalarni amalga oshirish, jumladan, Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi “Tashkent Pharma Park” klasterini qurish boʼyicha hamkorlik mexanizmlari belgilab olindi. Janubiy Koreya tomoni yaqin kelajakda loyihani amaliy tadbiqiga oʼtish maqsadida mexanizmlarni muvofiqlashtirish jarayonlarini tezlashtirishga tayyorligini bildirdi.


28 yanvar kuni Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In bilan videokonferensiya orqali uchrashuvi oʼtkazildis.

2021 Fevral

 

25 fevral kuni Oʼzbekiston Respublikasining Seuldagi elchixonasi tomonidan “Tashkent Pharma Park” direksiyasi rahbariyati, Oʼzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi vakillari hamda Koreya Eksimbankining Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamgʼarmasi (EDCF) loyihalar boʼlimi direktori Xa Von-suk oʼrtasida videokonferensiya orqali muzokaralar tashkil etildi.

Farmatsevtika tarmogʼi ikki tomonlama hamkorlikning strategik sohasi boʼlgani bois mazkur loyihaning ustuvorligi qayd etildi. Shu munosabat bilan Koreya Eksimbanki maslahatchilari loyihalash va texnik hujjatlarni jadallik bilan yakunlash ustida ish olib bormoqda. Oʼz navbatida, Oʼzbekiston tomoni ikki tomonlama hujjatlarni imzolashga tez fursatda tayyorlanishga va “Tashkent Pharma Park” ning tegishli obyektlarini qurish boʼyicha amaliy ishlarni boshlashga qiziqish bildirdi.

2021 Aprel

 

11 aprel kuni Oʼzbekiston Respublikasining Seuldagi elchixonasida Favqulodda va muxtor elchisi Vitaliy Fenning Koreya Eksimbanki EDCF jamgʼarmasi direktori Son Sing-Xo bilan rasmiy uchrashuv oʼtkazildi. Uchrashuv davomida ikki tomonlama yirik loyihalarni amalga oshirish bilan bogʼliq qator amaliy masalalar muhokama qilindi.

“Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterining ilmiy-tadqiqot va oʼquv komponentlarini yaratish” loyihasi alohida qayd etildi. Mazkur loyihaning Oʼzbekiston iqtisodiyoti uchun ustuvorligini taʼkidlagan holda, Favqulodda va muxtor elchisi bitimni tez fursatda imzolash uchun texnik hujjatlarni tayyorlash tartiblarini tezlashtirishni soʼrab oʼtdi.

16 va 30 aprel kunlari videokonferensiya formatida Farmatsevtika tarmogʼini rivojlantirish agentligi vakillari, Koreya Eksimbanki maslahatchilari va ushbu loyiha boʼyicha masʼul Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi vakillari ishtirokida loyihaning texnik-iqtisodiy asosining Koreya variantini muhokama qilish uchun navbatdagi muzokaralari oʼtkazildi.

2021 May

 

11 may kuni Oʼzbekiston Favqulodda va muxtor elchisi Vitaliy Fen Koreya Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirligi xalqaro iqtisodiy aloqalar byurosining yangi tayinlangan Bosh direktori Pak Il Yong bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida Janubiy Koreya Eksimbankining Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamgʼarmasi (EDCF) hisobidan moliyaviy-texnik va sarmoyaviy hamkorlikni mustahkamlash, muhim loyihalarni amalga oshirishning dolzarb masalalari yuzasidan muhokamalar boʼlib oʼtdi.

Janubiy Koreyaning xorijiy mamlakatlar bilan iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamgʼarmasi (EDCF) doirasidagi hamkorligini ilgari oʼzaro aloqalarni nazorat qilgan Bosh direktor Pak Il Yong, Oʼzbekiston EDCF bilan hamkorlik borasida Koreya Respublikasi uchun muhim va ustuvor davlat ekanini taʼkidladi.

Uchrashuv davomida EDCF dan imtiyozli moliyalashtirishni jalb qilgan holda amalga oshirilayotgan loyihalar uchun texnik hujjatlarni tasdiqlash va tayyorlash tartib-taomillarini jadallashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Ular orasida “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasterini va kattalar uchun koʼp tarmoqli zamonaviy ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazini yaratish loyihalari alohida ajralib turadi. Pak Il Yong oʼz vazirligi rahbariyati tomonidan Oʼzbekistonda loyihalarni oʼz vaqtida amalga oshirish boʼyicha maxsus nazorat haqida maʼlum qildi.

2021 Iyun

 

7 va 10 iyun kunlari koreyalik maslahatchilar bilan videoaloqa orqali uchrashuvlar ish tartibida oʼtkazildi. Koreyalik hamkasblarning loyiha boʼyicha texnik-iqtisodiy asoslarini muhokama qilish jarayonida xarajatlar narxini optimallashtirishga kelishib olindi va oʼquv qismining tarkibiy qismlariga oid baʼzi savollarga oydinlik kiritildi.

17 iyun kuni Oʼzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida vazirning birinchi oʼrinbosari L.Sh. Kudratov Koreya Eksimbanki vakolatxonasi rahbari In-kyu Cho bilan uchrashuv oʼtkazdi.

Muzokaralar doirasida amaldagi qoʼshma loyihalarni amalga oshirish bilan bogʼliq masalalar, xususan, “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterining ilmiy-oʼquv komponentlarini yaratish (1-bosqich) masalalari muhokama qilindi.

“Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterining ilmiy-oʼquv komponentlarini yaratish” loyihasining ikkinchi bosqichini oʼz vaqtida amalga oshirishda yordam beradigan ushbu loyihalarni bajarish tartibini jadallashtirish boʼyicha oʼzaro hamkorlikda ishlashga kelishib olindi.


29 va 30 iyun kunlari koreyalik maslahatchilar, Koreya Eksimbankining EDCF jamgʼarmasi va Oʼzbekistonning Koreyadagi elchixonasi vakillari, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligidan loyiha rahbarlari hamda loyiha tashabbuskorilarining masʼul ijrochilari ishtirokida videokonferensaloqa formatida rejalashtirilgan muzokaralar tashkil etildi. Loyihaning koreya tomon texnik-iqtisodiy asosi muhokamasi jarayonida loyihaning oʼquv qismi tarkibiy qismlarini qurish va jihozlash boʼyicha narxlarini optimallashtirishga erishildi. Bundan tashqari, EDCF jamgʼarmasi va vazirlik mutaxassislari oʼrtasida oʼtkazilgan muzokaralar davomida Muhokama bayonini joriy yilning iyul oyi oxirigacha imzolash toʼgʼrisida kelishib olindi.

2021 Iyul

6 iyul kuni Koreya maslahatchilari bilan so’nggi video uchrashuv bo’lib o’tdi. Muzokaralar davomida Koreya tomonidan qisqacha yakuniy hisobot taqdim etildi hamda loyiha texnik-iqtisodiy asosining asosiy parametrlari yakuniy belgilandi. Loyiha o’quv qismining tarkibiy komponentlarini qurish va jihozlash bo’yicha ilgari erishilgan optimallashtirilgan narxlari Muhokama bayoni loyihasiga kiritildi. Hujjat shu yilning iyul oyi oxiriga qadar imzolanishi rejalashtirildi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech