Agentlik haqida
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi
Farmatsevtika faoliyatini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, aholi va sog‘liqni saqlash muassasalarining arzon, sifatli dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalari bilan taʼminlanganlik darajasini yana-da oshirish, ularning ishlab chiqarilishi, olib kirilishi va sotilishini muvofiqlashtirishning yagona tizimini joriy etish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 noyabridagi “Farmatsevtika tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” 5229-son Farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish Agentligi tashkil etildi.
Farmonga asosan, quyidagi davlat muassasalari Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish Agentligi tarkibiga kiritildi:
➖ O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalari ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi;
➖ O‘zbek kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti;
➖ Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti;
➖ “Sharq tabobati” ilmiy-tadqiqot instituti;
➖ “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri.
Agentlikning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan:
➖ farmatsevtika tarmog‘ini, jumladan uni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish yo‘li bilan barqaror rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish;
➖ farmatsevtika bozori konyunkturasini o‘rganishni tashkillashtirish, aholi va sog‘liqni saqlash muassasalarining farmatsevtika mahsulotlari bilan taʼminlanganlik holatini tizimli tahlil qilish va uning asosida ichki bozorni yana-da to‘ldirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;
➖ tarmoq korxonalariga yetakchi xorijiy farmatsevtika korxonalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda, farmatsevtika mahsulotlarining ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh, yuqori sifatli yangi turlarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirishda ko‘maklashish;
➖ farmatsevtika tarmog‘ini, shu jumladan farmatsevtika mahsulotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish, texnik jihatdan tartibga solish, shuningdek, farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash (dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotish bundan mustasno) yo‘li bilan davlat tomonidan boshqarish;
➖ farmatsevtika tarmog‘iga ilg‘or xorijiy amaliyot va xalqaro standartlarni tatbiq etish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish;
➖ import qilinayotgan va respublika hududida ishlab chiqarilayotgan farmatsevtika mahsulotlari to‘g‘risida to‘liq axborot yig‘ishni taʼminlovchi Farmatsevtika mahsulotlari harakatini nazorat qilish va hisobga olish axborot tizimini joriy qilishda ishtirok etish;
➖ innovatsion va yuqori sifatli dori vositalarini, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika vositalarini ishlab chiqarishni tashkil etish, aholining ushbu mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, farmatsevtika sohasi mutaxassislarini xalqaro taʼlim standartlari asosida va talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlashni, farmatsevtika taʼlimining xalqaro ilmiy hamjamiyat tizimiga izchil integratsiyalashuvini taʼminlash va respublikada farmatsevtika tarmog‘ini yana-da rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri Direksiyasi faoliyatini muvofiqlashtirish.