O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Vaksina olishdan avval qanday tayyorgarlik ko‘rish va nimalarga eʼtibor berish kerak?

Virusologiya ilmiy-tekshirish institutining yuqumli kasalliklar shifokori Sohiba Utegenova:

Har bir shifokor vaksinatsiyaga kelgan fuqaroni to‘liq tekshiruvdan o‘tkazishi lozim. Jumladan, qon bosimi, tana harorati, puls saturatsiyasi haqida maʼlumotga ega bo‘lishlari lozim. Qolaversa, homiladorlik ehtimoli mavjud bo‘lgan 18-45 yoshdagi ayollarga vaksinadan oldin homiladorlikni test orqali aniqlash ham tavsiya etiladi.

Bundan tashqari vaksinatsiyadan oldin shifokorga qabul qilayotgan dorilaringiz haqida ham aytishni unutmang. Vaksina olish kunidan 72 soat oralig‘ida tana harorati ko‘tarilgan insonlarga vaksina olishlariga ruxsat etilmaydi.

Hozirda ommaviy vaksinatsiya 65 yoshdan yuqori aholi o‘rtasida amalga oshirilmoqda. Katta yoshdagi insonlarda, istaysizmi yoki yo‘qmi, yondosh kasalliklarining kechishi kuzatiladi. Biroq vaksina olishga kelgan fuqaroning o‘sha kuni qon bosimi meʼyorda bo‘lishi kerak. Xuddi shunday qandli diabet bilan qiynalayotgan insonlarning ham vaksina olinadigan kuni qand miqdori normal holatda bo‘lishi talab etiladi.

Trombotsitopeniya, yaʼni qon ivishiga aloqador kasalligi mavjud bo‘lgan yoki antikoagulyant qabul qilayotgan bemorlar, qolaversa, autoimmun yoki immun tanqisligi bilan kasallangan, taloq organida muammolari borlar, buyrak jarrohligini boshdan o‘tkazganlar, so‘nggi 6 oy ichida jarohatlanganlarga ham vaksina olish mumkin emas. Shuningdek, immunomodulyatorlar, glukokortikozoidlarning immunosupressiv dozasini qabul qilayotganlar (doza: 1 haftadan ko‘p davrda kuniga 20mg prednizon); monoklonal antitanalar, timozin, interferon qabul qilayotganlarga ham vaksina olishlari taqiqlanadi. Mahalliy dori qabul qilayotganlar (mazlar, ko‘z tomizgichlar, burun sprey va ingalyatorlar) bundan mustasno.

Shuningdek, allergik taʼsirga moyil insonlar bor. COVID-19ga qarshi vaksinaning komponentlariga yuqori sezgirligi bo‘lgan shaxslarga vaksinadan foydalanish tavsiya etilmaydi. O‘tkir yuqumli va yuqumsiz kasalliklar bilan kasallanganlarni ham vaksina qabul qilmaydiganlar safiga kiritishimiz mumkin.

Emlashdan so‘ng sauna, hammom qabul qilish va inyeksiya sohasiga muolajalar o‘tkazish taqiqlanadi!!! Vaksina olgan fuqaro emlashdan so‘ng dastlabki 30 daqiqa davomida shifokor kuzatuvida bo‘ladi. Keyin 3 kun davomida shifokor va patronaj xamshira tomonidan kuzatuv ostiga olinadi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech