O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Yurtdoshlarimiz insulin izlab sarson bo‘lishayotgani haqida bildirilgan fikrlar yuzasidan raddiya

Jurnalist Shuhrat Shokirjonovga bo‘lgan murojaatga ko‘ra, keyingi ikki-uch oyda respublikamiz bo‘yicha qandli diabet bilan kasallangan bemorlar har kuni qondagi qand miqdorini kamaytirishda ishlatadigan insulinni topish muammoga aylangani haqida o‘z telegram kanalida post qoldirdi. Mazkur post yuzasidan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi quyidagilarni maʼlum qiladi.

Insulin preparati ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositasi hisoblanib, endokrin tizimi patologiyalarini davolashda qo‘llaniladi.

Maʼlumot uchun, 2022 yil yanvar-oktyabr oylarida respublikamiz hududiga Germaniya, Daniya, Fransiya, Hindiston va Ukraina davlatlaridan 450 mingdan ortiq qadoqda “Actrapid”, “Insulatard”, “Lantus” va shu kabi insulin dori vositalari import qilingan. (Dori vositalarini qidiruvchi telegram-bot va boshqa qidiruv platformalar orqali insulin preparatlarini yurtimizning turli hududlaridagi dorixonalarda sotuvda uchratish mumkin.)

Shuningdek, “Dori-Darmon” AK, "Farm Lyuks Invest" MCHJ, “Meros pharm  MCHJ, “Grand pharm trade” MCHJ  va “Pharmhealth” ChEK MCHJ tomonidan yurtimizga import qilingan Daniya, Ukraina, Germaniya va Fransiyada ishlab chiqarilgan 76263 o‘ram insulin preparatlari Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi” tomonidan o‘rnatilgan tartibda sertifikatlashtirilib, muomalaga chiqarish uchun ruxsat berilgan.

Bundan tashqari yurtimizda 6 ta davlatning 20 turdagi insulin preparatlari tibbiyot amaliyotida qo‘llash uchun davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lib, batafsil ro‘yxat bilan bu yerda tanishasiz. (Maʼlumot uchun “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning 12-moddasiga muvofiq, dori vositalari, tibbiy buyumlari va tibbiy texnikaning tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga, qoida tariqasida, ular davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin ruxsat etiladi)

Ushbu preparatlar narxiga kelsak, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-2647-son Qarorining 1-bandiga muvofiq, chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qatʼi nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo‘llanilgan holda amalga oshirilishi belgilangan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4554-son qaroriga muvofiq, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan mahalliy va xorijiy dori vositalariga nisbatan referent narx shakllantirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib unga ko‘ra, dori shakli, qadoqdagi soni, dozasi, konsentratsiyasi, hajmi va qadoqlanishini hisobga olgan holda dori vositalarining har bir savdo nomi uchun qayd etilgan cheklangan narxlar va ularga cheklangan savdo ustamalarini qo‘llash yo‘li bilan hisoblangan ulgurji va chakana narxlarning doimiy ravishda elektron (onlayn) reyestri yuritilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, agarda xaridorlar dorixonalar tomonidan dori vositalari va tibbiy buyumlarga narx belgilash tartibini buzilishi va asossiz ravishda narxlar oshirilganiga duch kelsa, O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish Agentligining 1159 ishonch telefoniga yoki O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining 71-233-1007 ishonch telefoniga murojaat qilishlari mumkin.

Shu o‘rinda taʼkidlash joiz, Prezidentimizning “Endokrinologiya xizmatini takomillashtirish va ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, qandli diabet kasalligiga chalingan bemorlarni bepul dori-darmonlar bilan taʼminlash bo‘yicha qator muhim vazifalar belgilangan bo‘lib endilikda:

➖ 25 yoshgacha bo‘lgan qandli diabetning birinchi turi bilan kasallangan bemorlar analogli insulin hamda o‘zini o‘zi nazorat qilish vositalari (glyukometr va maxsus test yaproqchalari) bilan;
➖ qandsiz diabet bilan kasallangan bemorlar, somatotrop yetishmovchilik bilan kasallangan bolalar hayotiy zarur maxsus dori vositalari (desmopressin va o‘sish gormoni) bilan;
➖ 25 yoshdan oshgan qandli diabetning birinchi turi bilan kasallangan insulinga muhtoj, shuningdek, qandli diabetning ikkinchi turi bilan kasallangan bemorlar odam insulini bilan;
➖ qandli diabetning ikkinchi turi bilan kasallangan hamda ehtiyojmand sifatida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da bo‘lgan bemorlar metformin dori vositasi bilan bepul taʼminlanadi;
➖ bemorlarga bepul beriladigan dori vositalari va tibbiy jihozlar markazlashgan tartibda xarid qilinadi hamda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari orqali taqsimlanadi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi yurtdoshlarimizni insulin preparatlari bo‘yicha havotirga tushmasligini, mazkur dori vositalari yurtimizdagi dorixonalarda aholining ehtiyojiga yetarli darajadagi hajmda mavjudligini bildirib, jurnalistlar, blogerlar va OAV vakillariga yurtimizda  davlat ro‘yxatidan o‘tgan va tibbiyot amaliyotida qo‘llash uchun ruxsat berilgan dori vositalari, tibbiy buyum va tibbiy texnika haqidagi maʼlumotlar Agentlik rasmiy veb-saytida ochiq ekanligini maʼlum qiladi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech