O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Sifatsiz va qalbakilashtirilgan dori vositalarni ishlab chiqarish hamda ularning noqonuniy aylanmasiga qarshi tizimli ravishda kurash olib borilmoqda

Xabaringiz bor, “Smart medical pharm” hamda “BILLUR  MEDICAL TRADE” MCHJlar tomonidan ishlab chiqarilgan “Etiloviy spirt 70% 50 ml” hamda “Menovazin” mahsulotlari sifatidan norozi  bo‘lgan ayrim fuqorolardan kelib tushgan murojaatlar asosida, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi mazkur korxonalarning dori vositalarini ishlab chiqarish huquqiga ega bo‘lgan litsenziatlar reyestrida mavjud emasligi hamda ushbu korxonalar tomonidan “Etiloviy spirt 70%” hamda “Menovazin” mahsulotlari noqonuniy yo‘llar bilan ishlab chiqarilganligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga murojaatnoma yuborgan edi.

Mazkurga murojaatnomaga asoslanib, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan o‘tkazilgan nazorat ishlari mobaynida “Saxovat Universal Farm” XK yorlig‘i ostida Namangan shahrida faoliyat olib borayotgan “Sadriddin Ziyo Nur” MCHJ tomonidan ushbu mahsulotlarini ishlab chiqarilib realizatsiya qilinganligi aniqlangan.

Amalga oshirilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Namangan shahar, Davlatobod tumani, “Yelxon” MFY hududida noqonuniy ravishda tibbiy vositalar, jumladan tibbiyot etil spirti ishlab chiqarish holatlari mavjudligi to‘g‘risida olingan maʼlumotlarga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbirda elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan holda tashkil qilingan yashirin sexda tibbiy vositalar (tibbiyot paxtasi, bint, menovazin, yod, zelyonka hamda tibbiyot etil spirti) ishlab chiqarilayotganligi aniqlanib, jami 32 turdagi 315,4 mln. so‘mlik tibbiyot vositalari va tibbiyot vositalarini ishlab chiqarishda foydalanilgan dastgohlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Aniqlanishicha, ushbu dori vositalari “Billur medisal trade” MCHJ (Toshkent viloyati, O‘rtachirchiq tumani) hamda “Kamol med farm” MCHJ (Namangan viloyati, Namangan shahar) nomi ostida noqonuniy ravishda ishlab chiqarilayotganligi maʼlum bo‘ldi. Ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Shu o‘rinda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining Litsenziyalash va nazorat qilish boshqarmasi yurtdoshlarimizdan, davlat ro‘yxatidan o‘tgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalarning sifatsiz, belgilangan talablarga nomuvofiq ishlab chiqarilgan, nuqsonli holatlariga duch kelganda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining @uzpharmagency_bot aloqa botiga yoki (71) 2340604 ishonch telefoniga murojaat qilishlarini so‘rab qoladi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech